Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov O‘zbekiston voleybol federatsiyasi raisi lavozimiga saylandi. Bu haqda Milliy Olimpiya qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.

Uning lavozimga saylanishi qo‘mitada federatsiyaning navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasida e’lon qilindi.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 4 sentabrdagi farmoni bilan Po‘lat Razzakovich Bobojonov O‘zbekiston ichki ishlar vaziri etib tayinlangan.

Po‘lat Bobojonov (1961 yilda tug‘ilgan) 2012 yildan Xorazm viloyati hokimi lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelgan. 2011 yilda bir muddat hokimning birinchi o‘rinbosari, ungacha esa — Buxoro viloyati prokurori bo‘lgan. 2006−2011 yillarda Jizzax viloyati prokurori bo‘lib ishlagan.

2005−2006 yillarda Bosh prokuraturaning Soliq va valyuta jinoyatlariga qarshi kurashish departamenti boshlig‘i, 2000−2005 yillarda esa O‘zbekiston bosh prokurori o‘rinbosari bo‘lgan.

Po‘lat Bobojonov IIV rahbari lavozimiga 2017 yil boshidan buyon vazir bo‘lib ishlab kelayotgan Abdusalom Azizov o‘rniga tayinlangan.