Ijtimoiy tarmoqlarda «Uchastkovoyni birovning xotini bilan ushlashdi» nomli video tarqalgandi. Tasvirda ichki ishlar xodimi kiyimida bo‘lgan shaxs xizmat vaqtida begona erkakning rafiqasi bilan qo‘lga tushgani aks etgan. Ushbu mahallada yashovchilar holatni videoga olib, «uchastkavoy» va ayolni «samosud» qilishga uringan. Videoda profilaktika inspektori olomon savollaridan qochib mashinasiga o‘tirgancha voqea joyidan ketib qolganini ko‘rish mumkin.

Jizzax viloyati IIB videodagi shaxs G‘allaorol tumani IIB 2-sonli IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi guruhi profilaktika katta inspektori J.X. ekani, u 2023 yilning 15 fevralida tungi xizmatga jalb etilganini bildirib, holat yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlanganini ma’lum qilgandi.

Ta’kidlanishicha, mazkur holat bo‘yicha ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, general-mayor Azizbek Ikramov nazoratida xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, voqeaga oydinlik kiritish choralari ko‘rilgan.

Surishtiruv davomida ma’lum bo‘lishicha, G‘allaorol tumani IIB 2-sonli IIB JXX huquqbuzarliklar profilaktikasi guruhi profilaktika inspektori J.X.ning bir necha nafar shaxslar bilan kelishmovchiligi yuzaga kelgan.

«O‘rganish ishlari davomida kapitan J.X.ning Ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksi hamda Ichki ishlar organlarida xizmat o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizomning bir qator bandlarini buzgani aniqlanib, xodim ichki ishlar organlari xizmatidan bo‘shatildi», — deyiladi viloyat IIB axborotida.

Shuningdek, G‘allaorol tumani IIBning 4 nafar rahbar xodimiga profilaktika inspektorining faoliyati ustidan yetarli nazorat o‘rnatmagani uchun intizomiy choralar qo‘llangan.

«Yuqoridagilar bilan bir qatorda, voqeaning ba’zi ishtirokchilarining xatti-harakatlarida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining ayrim moddalarida ifodalangan huquqbuzarlik alomatlari aniqlangan. Shu sababli to‘plangan hujjatlar ko‘rib chiqish va qonuni qaror qabul qilish uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘allaorol tumani sudiga yuborildi», — deyiladi rasmiy munosabatda.