Poytaxtdagi Eski-Juva bozorida sotuvchilik qiladigan ikki ayol o‘rtasida janjal yuzaga kelib, biri ikkinchisining qulog‘ini tishlab, uzib olgan. Bu haqda Toshkent shahri sudi matbuot kotibi Sadoqat Allaberganova «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, ayollar o‘rtasidagi janjalga ancha vaqtdan buyon davom etib kelgan kelishmovchilik sabab bo‘lgan. Janjal vaqtida 29 yashar ayol qo‘shni savdo rastasida sut mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi 30 yashar hamkasbini do‘pposlab, qulog‘ining bir qismini tishlab, uzib olgan.

Sudga oid tibbiyot ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, 1993 yilda tug‘ilgan ayolga o‘ng quloq solinchagi ezilib yirtilgan yarasi, chap yelka, chap boldir ichki, o‘ng son va o‘ng boldir sohalari qontalashlari, chap qo‘l 5-kaft suyagi sathi, o‘ng lunj va o‘ng tovon sohalari shilinmalari ko‘rinishidagi badanning tuzalmaydigan darajadagi xunuklashishiga sabab bo‘lgan qasddan og‘ir shikast yetkazilgan. Ta’kidlanishicha, u ayol muqaddam Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 52-moddasi (Yengil tan jarohati yetkazish) 2-qismi bilan aybdor deb topilib, jarima jazosiga tortilgan.

Qulog‘i tishlangan ayol janjal paytida hamkasbiga bir qancha jarohat yetkazgan. Ekspertiza chap yelka sohasi qontalashi, pastki lab ichki shilliq qavatiga qon qo‘yilishi ko‘rinishidagi jarohatlarni sog‘liqning qisqa muddatga yomonlashuviga olib keladigan yengil shikast deb topgan.

Hamkasbining qulog‘ini tishlab olgan ayol sudda ko‘rsatma berdi.

«O‘sha kuni ertalabdan savdo qilish maqsadida ish joyimga keldim. Oradan biroz vaqt o‘tib, yonimga sotuvchi hamkasbim ham keldi. Bir necha soat vaqt o‘tganidan so‘ng oldimizga xaridor keldi va mening mahsulotim yoqqanini aytdi. Hamkasbim unga mahsulotim Qashqadaryodan kelishi, sifati yaxshi emasligini aytib, xaridorni qaytarmoqchi bo‘la boshladi. Sherigim o‘z mahsuloti solingan qoshiqni uzatdi. Qo‘lini ortga itarib yuborganimdan so‘ng u meni tepdi. So‘ng esa u sochimga, men esa uning yoqasiga yopishdim», — deydi u.

Voqeaning yana bir ishtirokchisi bo‘lgan 30 yoshli sudlanuvchining so‘zlariga ko‘ra, u o‘ng qulog‘ida kuchli og‘riqni his qila boshlagan va «qo‘yib yubor» deb baqirgan.

«O‘sha yerdagi bir ayol sherigimning ustidan chelakda suv sepgach, u to‘xtadi va uning yuziga qaraganimda og‘zi qon ekanini ko‘rdim. Shok holatiga tushib, qulog‘imga qo‘lim bilan tekkan vaqtimda o‘ng qulog‘imning yarmi yo‘q ekanini bildim, atrofdagilardan qulog‘imning uzilgan qismini qidirishni iltimos qildim», — deydi ayol.

Qayd etilishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumani sudi tomonidan qulog‘ining yarmidan ayrilgan ayol qasddan badanga yengil shikast yetkazishda aybdor deb topilib, bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari miqdorida jarimaga tortilgan. 1994 yilda tug‘ilgan ayolga esa 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.