Surxondaryo viloyati Qiziriq tumanidagi ilmiy-tadqiqot instituti tizimidagi xo‘jalik hududida 4 tup chinor daraxti kesib ketildi, deya xabar bermoqda Tabiat resurslari vazirligi viloyat boshqarmasi matbuot xizmati.

Boshqarmaga tuman «Bog‘bonlar yurti» mahallasida istiqomat qiluvchi fuqarodan «Bandixon ilmiy tajriba stansiyasi» xo‘jaligi daraxtlarni noqonuniy kesib ketayotgani haqida murojaat kelib tushgan.

Holat o‘rganilganda Maxmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti tizimidagi «Bandixon ilmiy-tajriba stansiyasi» hududi ko‘zdan kechirilgan. Xususan, 4 tup o‘suvchanligini yo‘qotmagan katta yoshli chinor noqonuniy ravishda tag qismi bilan kesib ketilgani aniqlangan.

Xo‘jalikning o‘z ishiga mas’uliyatsizlik bilan yondashishi oqibatida «O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi qonuning 37-moddasi talablari buzilib, 216 000 000 (ikki yuz o‘n olti million) so‘m miqdorida o‘simlik dunyosiga zarar yetkazilgan.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ish bo‘yicha to‘plangan hujjatlar huquqiy baho berish uchun prokuraturaga o‘tkazildi.