DXX Samarqand viloyati boshqarmasi hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘limi xodimlari radioaktiv va zaharli qurilmalarni sotish bilan shug‘ullanishda gumonlangan shaxslarni qo‘lga oldi, deya xabar bermoqda viloyat IIB matbuot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, R.S. fuqaro M.S.ning taklifi bilan Andijon viloyatidagi tanishidan harbiy maqsadda foydalaniladigan radioaktiv va zaharli qurilmalarni Samarqand shahriga olib kelib, ishonchli xaridor topilguniga qadar shahardagi mehmonxonalardan birida yashagan.

Keyinroq M.S. shahardagi tanishi J.O. orqali moslamalarni umumiy hisobda 1 million dollar evaziga mahalliy fuqaroga sotishga kelishib, oldindan 200 ming dollar so‘ragani aytilmoqda. Bu shaxslar ichida 1 kg simob moddasi bo‘lgan qo‘lbola usuldagi qurilmani fuqaroga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingani keltirib o‘tilgan.

Holat yuzasidan tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.