O‘zbekiston bo‘ylab 2022 yil davomida 4599 ta holatda daraxt va butalar noqonuniy kesib tashlangan. Bu haqda 16 fevral kuni Qonunchilik palatasida Tabiat resurslari vazirligi hamda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi axborotida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, respublika miqiyosida daraxtlarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish, shu jumladan, qimmatbaho, ko‘p yillik daraxtlar nobud bo‘lishiga olib kelgan holatlar uchramoqda.

Xususan, daraxt va butalarning noqonuniy kesilishi bilan bog‘liq 2022 yil davomida 4599 ta huquqbuzarlik holati aniqlanib, ularga nisbatan 7,3 mlrd so‘m ma’muriy jarima va 10 mlrd so‘m tabiatga zarar belgilangan. Taqqoslash uchun, 2019 yilda 3733 ta, 2020 yilda 7812 ta, 2021 yilda 8243 ta holatda daraxtlar noqonuniy kesilgan.

O‘tgan yilda jami 1777 tup qimmatbaho va ko‘p yillik daraxt kesilgan.

Mas’ullar tomonidan Toshkent shahridagi qurilish obyektlari xatlov qilinganida yer ajratish bilan bog‘liq 2019 yilda 235 ta, 2020 yilda 89 ta va 2021 yilda 99 ta obyektga o‘rganilmasdan va davlat ekologik ekspertizasining xulosasi olinmasdan qurilishga yer ajratib berilgani va qurilish loyihalari ishlab chiqilgani aniqlangan.

Shuningdek, 2022 yilda Toshkent shahrining 11 ta tumanidagi 332 ta xo‘jalik yurituvchi subyekt xududi o‘rganilishi natijasida umumiy 21 031 dona turli xildagi daraxt xatlovdan o‘tkazilgan, ularning 17 767 donasi manzarali, 2599 tasi mevali daraxt bo‘lib, 103 tasi qurib qolgan va 20 tasi turli xil kasallangani ma’lum bo‘ldi.

Respublika bo‘yicha 500 dan ziyod qurilish obyekti atrofi o‘rab olingan bo‘lib, ularda 24 mingga yaqin daraxt xavf ostida qolmoqda. Bir qator qurilish obyektlarida daraxtlarni kesib tashlash holatlari sodir etilgan.

Xususan, Mirzo Ulug‘bek tumani hududida joylashgan qurilish obyektida xandaq (kotlovan — poydevor qurish uchun qazilgan chuqur) qazish ishlari olib borilgan hududda jami 55 tup daraxt yo‘q qilingan. Chilonzor tumanigi ko‘p qavatli turar joy binosi qurilishi uchun o‘rab olingan hududda 18 tup daraxt shikastlantirilgan, Yashnobod tumanida qurilish obyektida 83 tup ko‘p yillik manzarali daraxt noqonuniy ravishda kesilgan.

Deputatlar tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 21 apreldagi «Qurilish sohasiga oid yagona ma’muriy qurilish reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qaroriga qurilish obyektlariga daraxtlar kesilishining oldini olishga qaratilgan tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish lozimligi ta’kidlandi. Shuningdek, qurilish obyektlarining atrofni o‘rash tartibini qonunchilik hujjatlarida aniq belgilash, respublikadagi davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlarni to‘liq raqamlashtirish yo‘li bilan xatlovdan o‘tkazish yuzasidan takliflar bildirildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil 30 dekabrdagi farmoni bilan davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriy muddatsiz davrga uzaytirilgan.