O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti Jo Baydendan maktub keldi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov.

«Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashda ko‘rsatayotgan yetakchiligingiz va shaxsiy intilishingiz uchun, shu jumladan xavfsizlik sohasidagi hamkorlik uchun chuqur minnatdorlik bildiraman», — deyiladi maktubda.

AQSh prezidentining qayd etishicha, O‘zbekiston bilan iqtisodiyot va energetika masalalarida o‘zaro aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, Shavkat Mirziyoyevning mamlakatni siyosiy tizimini modernizatsiya va isloh qilish borasidagi sa’y-harakatlaringizni qo‘llab-quvvatlash AQSh uchun ustuvor ahamiyatga ega.

AQSh va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik sheriklik chuqurlashib borayotganini ta’kidlagan Jo Bayden erishilgan yutuqlarni 2023 yilda ham yanada ilgari surishiga umid bildirdi.

«Siz Markaziy Osiyodagi beshta mamlakatning mintaqaviy hamkorligini kengaytirish orqali qo‘shni mamlakatlar bilan munosabatlarni rivojlantirishga katta e’tibor qaratayotganingizni alohida qayd etmoqchiman. Bu sa’y-harakatlar Markaziy Osiyoda va uning tashqarisida ravnaq va barqarorlikni ta’minlashga katta hissa qo‘shmoqda», — dedi AQSh prezidenti.

Jo Bayden AQSh va O‘zbekiston o‘rtasidagi sheriklik, mana 30 yildirki, BMTning barcha mamlakatlarning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilishdek asosiy prinsiplariga rioya qilish asosida rivojlandi.

«Ishonchim komilki, ushbu qadriyatlarga mushtarak sodiqligimiz o‘zaro aloqalarimiz uzoq muddatli istiqbolda yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi», — deyiladi maktabda.