Qahramonmarash zilzilasidan deyarli 11 kun o‘tib Turkiyadagi Antokiya shahrida ikki erkak — 26 yoshli Mehmet Ali Shakiro‘g‘li va 34 yoshli Mustafo Avji vayronalar ostidan qutqarib olindi. Bu haqda Anadolu axborot agentligi xabar qildi.

Qutqaruvchilar guruhi Antokiyaning Odaboshi ko‘chasida vayron bo‘lgan uyning plitalari orasiga qisilib qolgan ikki fuqaroni aniqlagan. Tezkor harakatlardan so‘ng ular 26 yoshli Mehmet Ali Shakiro‘g‘li va 34 yoshli Mustafo Avjini vayronalar ostidan olib chiqishga muvaffaq bo‘lgan.

Ular Qahramonmarashdagi zilziladan 261 soat o‘tib qutqarilgan va birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, shifoxonaga yetkazilgan.

Avvalroq, qutqaruvchilar Turkiya janubi-sharqidagi zilziladan 248 soat o‘tib, vayronalar ostidan bir qizni tiriklayin chiqarishga muvaffaq bo‘lgani haqida xabar berilgandi.

Ma’lumot uchun, Tabiiy ofatlarni boshqarish boshqarmasi (AFAD) Turkiyadagi zilzila qurbonlari soni 36 187 nafarga yetganini ma’lum qildi. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, jarohatlanganlar soni 108 068 nafarni tashkil qiladi.