16 fevral kuni Senatning Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimida amalga oshirilayotgan va o‘rganish ishlari haqida axborot berildi.

Ta’kidlanishicha, Arnasoy, Tuzkon va Aydar ko‘llari o‘zaro birlashib, ularning umumiy yuzasi 370 ming gektarga, uzunligi 250 kilometrga, o‘rtacha kengligi 26 kilometrgacha yetgan. Eng chuqur qismi 30 metrni, o‘rtacha chuqurlik 7 metrni, suv hajmi 2006 yilda 42,1 mlrd metr kubni tashkil etgan.

«So‘nggi yillarda iqlim o‘zgarishi, tashqi suv manbalaridan tashlanayotgan chuchuk suv miqdori ayrim yillarda kamayishi va boshqa qator omillar sabab ko‘llar tizimidagi suvning sathi 2 metrgacha pasayib, suv hajmi 36,8 mlrd metr kubga tushgan. Suvning minerallashuv darajasi 5,1−8,6 gramm/litrga oshgan, ko‘lning oxirgi qismlarida esa mineralizatsiya darajasi 12−15 gramm/litrga yetgan», — deyiladi Senat axborotida.

Ma’lum qilinishicha, suv sathining pasayishi oqibatida qirg‘oq bo‘ylari 15−50 metrga chekinib, 15−20 smgacha, ba’zi joylarda undan ham ko‘proq tuz qatlami hosil bo‘lgan. Buning oqibatlari ko‘llar va ularning atrofidagi ekotizimdagi o‘zgarishlarda, jumladan, suvli-botqoqli hududlarining o‘ziga xos flora va faunasining kamayib borishida namoyon bo‘lgan.

«Aydarko‘lga har yili qishlash uchun yanvar-mart oylarida 400 ga yaqin, shulardan 13 turdagi xalqaro va 24 turdagi O‘zbekiston «Qizil kitob»iga kiritilgan qushlar uchib kelgan. Ko‘l va ko‘l atrofidagi ekotizimning o‘zgarishi bu qushlarning ham migratsiya yo‘llarini o‘zgartirishi va yo‘qolib ketishiga olib kelishi mumkin», — deyiladi qo‘mita yig‘ilishida.

Qayd etilishicha, «O‘zdaverloyiha» davlat ilmiy-loyihalash instituti tomonidan Jizzax va Navoiy viloyatlarining ko‘llar tizimiga tutash hududlari xatlovdan o‘tkazilgan. Suvni muhofaza qilish mintaqalari bo‘yicha dastlabki elektron xarita yaratilgan.

Tegishli idoralarning o‘zaro hamkorligida ko‘llar tizimida ov qilish, baliq ovlash, hayvonot va o‘simlik dunyosidan hamda suv havzalaridan foydalanish sohasidagi ma’muriy huquqbuzarliklarning yagona elektron bazasi shakllantirilgan.

айдар-арнасой ko‘llar tizimi, сенат

Foto: Senat axborot xizmati

Ta’kidlanishicha, 2022 yil davomida o‘tkazilgan hamkorlikdagi tezkor nazorat va kuzatuv tadbirlari natijasida 634 ta ma’muriy va 10 ta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Huquqbuzarliklar oqibatida tabiatga 157,1 mln so‘m miqdorida zarar yetkazilgan. Aybdorlarga nisbatan 473,9 mln so‘m jarima qo‘llangan va undirilgan.

«Ko‘llar tizimi suv hajmini saqlab turish maqsadida Mirzacho‘l kollektorining nazorat punktida „aqlli suv“ qurilmasi o‘rnatilib, suv hisobi olib borilishi yo‘lga qo‘yilgan. Nazorat ishlari natijasida 2022 yil davomida ko‘llar tizimi 1 mlrd 918 mln m3 ichki kollektor-drenaj suvlari bilan to‘yintirilgan. Kelgusida ko‘llar tizimining gidrometeorologiya faoliyati samaradorligini oshirish, gidrologik kuzatuvlar tizimini takomillashtirish maqsadida 2 ta gidropost tashkil qilish rejalashtirilgan», — deyiladi qo‘mita hisobotida.

Ma’lum qilinishicha, tashqi suv manbalaridan Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimiga 2023 yilning 10 fevral holatiga 500 mln m3 dan ortiq chuchuk suv tashlangan. Shuningdek, kelgusida ko‘llar tizimiga tashqi manbalardan qo‘shimcha 1 mlrd m3 chuchuk suv olish masalasi yuzasidan ishlar davom ettirilmoqda.