Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikiston O‘zbekiston fuqarolari orasida sayyohlik sayohatlari uchun eng mashhur yo‘nalishlar bo‘ldi, deya xabar bermoqda Statistika agentligi.

Qayd etilishicha, 2022 yilda 5,16 million o‘zbekistonlik (2021 yilga nisbatan 2,35 barobar ko‘proq) mamlakatdan tashqariga sayohat qilgan. 2020 yilda COVID-19 pandemiyasi davrida mamlakatni tark etganlar soni 2 milliondan sal ko‘proqni tashkil etgandi.

Eng ko‘p sayohatlar yilning uchinchi choragiga to‘g‘ri keldi, bu vaqt orilig‘ida 1,8 milliondan ortiq fuqaro O‘zbekistonni tark etgan. Birinchi chorakda eng past ko‘rsatkich qayd etildi — 716 ming kishi.

Nisbiy o‘sishga qaramay, o‘zbekistonlik sayyohlar soni pandemiyadan oldingi ko‘rsatkichdan ancha pastligicha qolmoqda. 2019 yilda O‘zbekistonni tark etganlar soni 8,5 million kishiga yetgandi.

Xorijiy safarlarning asosiy maqsadi qarindoshlarni yo‘qlagani borish bo‘lgan — 4,27 milliondan ortiq kishi, bu xorijga ketgan o‘zbekistonliklarning 82 foizini tashkil etadi. Dam olish va hordiq chiqarish maqsadida O‘zbekistondan 683,8 ming fuqaro chiqib ketgan. Keyingi o‘rinlarda o‘qish (143,6 ming kishi), davolanish (44,7 ming) va mehnat (15,2 ming) maqsadlarida sayohatlar turadi.

O‘zbekistonlik sayyohlarning asosiy oqimi — 86% dan ortig‘i MDH mamlakatlariga to‘g‘ri keldi:

  • Qirg‘iziston — 2,44 million kishi (2 baravardan ortiq o‘sish);
  • Qozog‘iston — 1,01 million (3,3 barobar ko‘p);
  • Tojikiston — 784,9 ming (4,3 barobar ko‘p);
  • Rossiya — 250,6 ming (1,54 barobar ko‘p).

Boshqa mintaqalar haqida so‘z borganda, unda Turkiya birinchi o‘rinda (306 ming), keyin:

  • BAA — 128,3 ming (1,66 marta ko‘p);
  • Saudiya Arabistoni — 69,5 ming;
  • Misr — 36,8 ming (11% ko‘p);
  • Kuvayt — 23,9 ming;
  • Janubiy Koreya — 23,1 ming (3 barobar ko‘p);
  • AQSh — 16,6 ming (2,44 marta ko‘p);
  • Ozarbayjon — 11,9 ming;
  • Hindiston — 10,6 ming (2,32 marta ko‘p);
  • Gruziya — 8 ming (1,54 marta ko‘p).

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistondan 2022 yilda 8,8 ming kishi doimiy yashash maqsadida xorijga ko‘chib ketgan. Tahlillarga ko‘ra, bu ko‘rsatkich so‘nggi 5 yilda sezilarli kamaygan. 2022 yilda mamlakatni tark etganlarning asosiy qismi Qozog‘iston, Rossiya va Qirg‘izistonga borgan.