Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon va Navoiy viloyatlarida aholi hamda tabirkorlar quyosh panellari o‘rnatishga majburlanayotgani haqida xabarlar tarqaldi.

Xususan, jurnalist Ruslan Saburov Navoiy viloyatining qator tumanlarida yuqorida aytib o‘tilgan holat yuz berayotganini bildirgan.

Uning yozishicha, Karmana tumanining «Malik» mahallasida odamlar kredit olish hisobiga o‘z xonadoniga quyosh panellarini o‘rnatishga majbur qilinmoqda. Boshqa tumanlardan ham shu masalada murojaatlar kela boshlagan.

«Uylar tashkilotlarga taqsimlanibdi. Ular majburlovchi rolini bajarishadi bu o‘rinda. Umuman olganda, quyosh panellari yomon narsa emas, yashil energiya. Har bir xonadon o‘zini o‘zi elektr energiya bilan ta’minlasa, buning nimasi yomon, shunday emasmi? Faqat sallani olib kel desa, kallani olib borish kerakmas-da. Hozirgina „Mikrokreditbank“ Karmana filiali vakili qo‘ng‘iroq qilib qoldi. Bizning uy ushbu tashkilotga biriktirilgan ekan. Kredit beramiz, dadangiz ko‘nmayapti, tushuntiring deydi. Kredit kerak emas, imkon bo‘lganida o‘zimiz qo‘yib olamiz, dedim. Yo‘q, ko‘nmaydi. „Bizni ham majburlashyapti-da, viloyat hokimligidan, tuman hokimligidan“, deydi. Nima emish, kredit olib, tomga quyosh paneli o‘rnatishimiz kerak ekan. Kredit olmasdan o‘rnataman desam, 2 kunda o‘rnatasizmi, deydi yana. Asta masalaning ichiga „mo‘ralasam“, o‘rnatib beruvchilar ham tayyor ekan…», — deb yozgan jurnalist.

U, shuningdek, nega aynan bitta o‘rnatib beruvchi tanlangani, oldin shunaqa xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlarini ko‘paytirib qo‘yish, narx va sifat masalasida tanlash imkoniyatini yaratish kerakligi masalasiga to‘xtalgan.

андижон, naвоий, quyosh panellari

«Oddiy odamda ham hisob-kitob bo‘ladi: 25 mln so‘m atrofida kredit beramiz deyapti, uning foizi ham bor. Xo‘p, o‘sha 25 mln so‘mlik quyosh paneli qancha elektr energiya bera oladi va u qancha uy jihozlarini elektr energiyasi bilan ta’minlay biladi? Qancha muddat ishlab bera oladi va hokazo. Buni kim tushuntiradi va kafolat beradi? Tovuqni ham boyib ketasizlar deb sotishgandi, o‘zlari boyib ketdi. Xullas, bu ishlar haqiqiy reja bilan qilinishi va odamlarga to‘g‘ri tushuntirilib, amaliy ko‘rsatib berilishi kerak. Bunaqa qilib odamlarning „qulog‘iga tepmanglar“», — deyiladi postda.

Navoiy viloyati hokimligi holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Unda ta’kidlanishicha, prezident 2022 yil 25 noyabr kuni Navoiy viloyatiga tashrifi chog‘ida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbusni ilgari surgan, shundan birinchi tashabbus — «viloyat elektr energiyasini tejash bo‘yicha namuna bo‘lishi va buning uchun barcha tashkilotlarga 100 foiz quyosh panellari o‘rnatilib, barcha suv nasoslarini samarali ishlatish tizimi yo‘lga qo‘yilishi» etib belgilangangan.

Shunga asosan, yil boshidan buyon viloyatdagi korxona va tashkilotlarga, shuningdek, aholi xonadonlariga quyosh panellari va quyosh suv isitish kollektorlarini o‘rnatish ishlari boshlab yuborilgan.

«Bu jarayon hech bir majburlovlarsiz, aksincha, aholi xonadonlariga quyosh panellari o‘rnatilishining afzalliklari, qo‘shimcha daromad keltirishi, shuningdek, o‘z tashabbusi bilan, o‘z mablag‘i evaziga bunday panellarni o‘rnatishni istovchilarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish, istagi boru, lekin moliyaviy imkoniyati yo‘q xonadon sohiblariga esa, kredit taklif qilish kabi tushuntirish ishlari olib borilmoqda», — deyiladi munosabatda.

Ma’lumotga ko‘ra, hozirda viloyatda quyosh panellarini o‘rnatish va ularga servis xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha 10 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. Xususan, mahalliy va boshqa (Toshkent shahri, Buxoro, Andijon) viloyatlardan kelgan tadbirkorlar ham quyosh panellarini o‘rnatish bilan shug‘ullanmoqda.

«Bu borada erkin bozor tizimi shakllangan. Viloyatdagi korxona va tashkilotlar, tadbirkorlik subyektlari va aholi xonadonlari o‘zi xohlagan ta’minotchi bilan shartnoma tuzib, quyosh panellarini o‘rnatish imkoniyatiga ega», — deya ta’kidlanadi bayonotda.

Navoiy viloyati hokimligi matbuot xizmatining «Gazeta.uz»ga bergan ma’lumotiga ko‘ra, mas’ullar emas, ijrochilarning targ‘ibotni noto‘g‘ri talqin qilayotgani oqibatida shunday gaplar kelib chiqmoqda.

«Ko‘tarilgan masalani bu noto‘g‘ri deb aylanib o‘tish, yopib yuborish niyatimiz yo‘q edi, shuning uchun vaziyatni o‘rgandik, nomi keltirilgan bank bilan [gaplashib]. Ma’lumot o‘rnida, viloyat, shahar, tumanlarning sektor rahbarlari o‘z tashabbusi bilan «Ayollar daftari»da turgan, nogironligi bor shaxslar, keksalarning xonadonlariga o‘z hisobidan [quyosh panellarini] o‘rnatib bermoqchi», — deydi matbuot xizmati xodimi.

Kun.uz nashri Andijonda ham tadbirkorlar quyosh paneli o‘rnatishga majburlangani haqida yozdi. Maqola yuzasidan esa bu viloyat hokimligi matbuot xizmati ham munosabat bildirdi.

«Mazkur maqolada keltirilgan holat, ya’ni quyosh panellarini o‘rnatishga na aholi va na tadbirkorlar majburlanmagan. Joriy yilning 10 fevral kuni Andijon viloyati hokimining tadbirkorlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqotida „Quyosh panellarini kredit asosida olishni hohlaganlar Sanoatqurilishbankdan imtiyozli kredit olib (15 foiz, 5 yil muddatga, 6 oy imtiyozli davr, 150 mln so‘mgacha) o‘rnatishi mumkin“ ekani aytib o‘tilgan. Uchrashuvda quyosh panellari o‘rnatishning afzalliklarigagina urg‘u berilib, bu faqatgina tavsiya sifatida aytib o‘tilganligini ma’lum qilamiz», — deyiladi hokimlik bayonotida.

Munosabatlar

Iqtisodchi Otabek Bakirov holat bo‘yicha o‘z fikrini bayon qilib, post qoldirdi.

«Eng ezgu va ratsional tashabbuslar ham xudo qisgan hokimlarning qo‘li bilan absurdga aylantirilishi birinchi marta emas. Joylarda tadbirkorlik subyektlariga majburiy tarzda quyosh panellari va issiq suv kollektorlari o‘rnatilishi uchun bosimlar yuz bermoqda. Panellarni o‘rnatishga puli yo‘q biznes vakillariga bank kreditlarini ajratish topshirilgan. Kredit ajratish talabi ham ma’muriy bosim ostida amalga oshmoqda. Do‘ppi desa, bosh yulib kelinadigan kampaniyabozlik barcha viloyatlarda davom etmoqda, lekin doimgidek O‘zbekiston qonunlari ishlamaydigan Andijon viloyati shu masaladayam yetakchi», — deb yozadi iqtisodchi.

U tadbirkorlar quyosh panellarini o‘rnatishga majburlovda uchta muammoni qayd etayotganini ma’lum qildi.

«Birinchidan, biznes vakillariga ularning zaruriyatidan ortiq panellar o‘rnatish vazifasi topshirilmoqda. Ikkinchidan, taklif etilgan panellar qimmatlashtirilgan va erkin tanlov mavjud emas. Ayniqsa, kredit hisobiga sotib olishga majburlanayotgan panellar karrasiga qimmatlashtirilgan. Uchinchidan, tadbirkorlarning hisobi bor, ular shuning uchun ham tadbirkor. Karrasiga qimmatlashtirilgan va bank krediti hisobiga sotib olinayotgan panellar generatsiyasi ertaga hatto bozor narxlariga o‘tsak ham, tariflar uch barobar oshsayam, 10 yilda o‘zini oqlamaydi. Bu qanaqa afzallik va bu qanaqa muqobillik?» — deya savol bilan yuzlandi.

Quyosh panellari va issiq suv kollektorlari o‘rnatilishi bo‘yicha vazifalar faqat davlat va budjet tashkilotlari uchun belgilangan.

«Bundayam karrasiga qimmatlashtirilgan usulda emas. Hukumat va, xususan, Energetika vazirligi bu bo‘yicha yana bir bor tushuntirish bersa bo‘lardi. Chunki ratsional harakat ongli va ongsiz ravishda obro‘sizlantirilmoqda va bu ish shu tarzda davom etsa, ertaga aholi hatto o‘z ixtiyoriga qoldirilgan taqdirda ham quyosh panellarini o‘rnatishdan voz kechadi», — deya oqibatlar haqida fikr bildirdi u.

«Xatolar takrorlanishda davom etaversa, bu endi xato emas, ongli va maqsadli harakat ekani ko‘rinib qoladi», — deya qo‘shimcha qildi iqtisodchi.

Jurnalist Shuhrat Shokirjonov maktab o‘qituvchilari Open Budget`da quyosh panellari o‘rnatilishi uchun ovoz berishga majbur qilinayotganiga e’tibor qaratdi. U Twitter`dagi murojaatni keltirib o‘tgan.

«So‘nggi 3 kunda atrofimizdagi 4 ta maktabda ishlaydigan tanishlarim telefon qilib, Open Budget`ga birovga ovoz bermay turishimni va faqat ularga ovoz berishimni iltimos qilishdi. RayONO har bir maktabga quyosh panellari uchun oldindan kamida 2100 tadan kafolatlangan ovoz to‘plab qo‘yishni buyuribdi. Ovoz yig‘olmagan maktablarda o‘qituvchilar o‘zlari pul yig‘ib qo‘yishini aytishgan. Endi har bir nomer egasining pasport nomerini so‘rashni boshlashdi. Hali boshlanmagan Open Budget`ga 2100 ta nomer va pasport seriya ro‘yxatini ekzelda jadval qilib tashlash kerak ekan», — deyilgan murojaatda.

«RayONOlarni qachon yo‘q qilasizlar, ey anavilar?! Qachon o‘qituvchi zoti bu balodan qutuladi?» — deydi Shokirjonov.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida o‘tkazgan yig‘ilishda aholi o‘z xonadonida quyosh panelini o‘rnatsa, ehtiyojidan ortiq energiyani tarmoqqa sotishni taklif qilgandi. Bunda aholi sotgan elektr energiyasining har bir kilovatti uchun ming so‘mdan berilishi reja qilingan.

Prezident, shuningdek, 2025 yilgacha barcha davlat tashkilotlarida quyosh panellari va issiq suv kollektorlari o‘rnatilishini ma’lum qilgan. Buning uchun $2 mlrd investitsiya jalb qilinadi. Natijada 60 foiz elektr va gaz iste’moli «yashil energiya»ga o‘tkazilishi kutilmoqda.