Ko‘rilayotgan choralar natijasida hafta oxirlariga borib vodiy viloyatlaridagi gaz quvurlarida tabiiy gaz bosimining ko‘tarilib borishi kutilmoqda, deya xabar berdi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Shu bois, mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSH) gaz bosimining ko‘tarilishiga qarab, ularning faoliyati bosqichma-bosqich tiklanishi rejalashtirilmoqda.

Gaz bosimi pasaygan kunlarda birinchi navbatda aholi va ijtimoiy soha obyektlarini elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan bir maromda ta’minlash zarur hisoblanganligi sababli AGTKSHlar faoliyatiga majburiy cheklovlar kiritilgandi.

«Quvurlarda gaz bosimini bir me’yorga keltirish va ushbu me’yorni saqlab turish uchun AGTKSHlari qisqa vaqt oralig‘ida reja-grafik asosida faoliyat yuritib boradi», — deyiladi vazirlik xabarida.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda «Vodiy viloyatlaridagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyati vaqtincha to‘xtatiladi» mazmunida xabarlar tarqalgandi. Energetika vazirligi tarqalgan xabarlar mutlaqo asossiz ekanini aytib, AGTKSHlari belgilangan tartibda faoliyat yuritishini ma’lum qilgandi.

Toshkent shahridagi «Hududgaz Poytaxt» gaz ta’minoti filiali esa 3 fevraldan poytaxtdagi AGTKSHlar faoliyati bosqichma-bosqich ishga tushayotganini xabar qilgandi.