15 fevral kuni Markaziy Osiyo davlatlari vazirlarining videokonferensiya shaklidagi uchrashuvi chog‘ida qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirish va uni modernizatsiya qilish muhokama etildi, deb xabar bermoqda BMT axborot xizmati.

Oltinchi yig‘ilish O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan o‘tkazildi. Unda so‘nggi o‘ttiz yillikda yer resurslarining yetarli ekani va xilma-xilligiga qaramay, mintaqa mamlakatlarida qishloq xo‘jaligi mahsuldorligining o‘sishi sekinligicha qolayotgani ta’kidlandi.

«Barqaror yondashuv bilan qishloq xo‘jaligi samaradorligi darajasini ko‘tarish Markaziy Osiyoda oziq-ovqat xavfsizligini oshirishga turtki bo‘lishi mumkin», dedi FAOning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakili Vladimir Raxmanin.

Qishloq xo‘jaligi nafaqat oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, balki mintaqa mamlakatlari aholisining muhim qismini ish bilan ta’minlash uchun ham muhim hisoblanadi.

«Qishloq xo‘jaligining barqaror ishlashi va rivojlanishi ham ichki, ham tashqi manbalardan katta moliyaviy investitsiyalarni talab qiladi», — dedi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov.

«Ularsiz mehnat unumdorligini oshiradigan va resurslarni tejaydigan zamonaviy texnologiyalar va innovatsion usullarni joriy etib bo‘lmaydi. Bundan tashqari, qishloq joylarda ijtimoiy va iqtisodiy infratuzilmani bir vaqtning o‘zida rivojlantirish, fermerlar malakasini oshirishga katta mablag‘ yo‘naltirish muhim ahamiyatga ega», — deya qo‘shimcha qildi u.

Qishloq xo‘jaligining yuqori o‘sishiga erishish fermerlardan yangi texnologiyalar, xomashyo, qishloq xo‘jaligi texnikasi va chorvachilikning zamonaviy usullariga sarmoya kiritishni talab qiladi. Vazirlar biologik xilma-xillikni, tuproq unumdorligini va suvdan foydalanish samaradorligini oshirishga yordam beradigan innovatsion moliyalashtirish sxemalarini muhokama qildi.

Yig‘ilish ishtirokchilari qishloq xo‘jaligi o‘sishini rag‘batlantirishda maksimal samaraga erishish uchun davlat mablag‘larini taqsimlashda tasdiqlangan zamonaviy yondashuvlar haqida ham ma’lumot almashdi. Bularga infratuzilmaga (yo‘llar, irrigatsiya tizimlari) sarmoya kiritish, qishloq xo‘jaligida ilmiy tadqiqotlar va ta’limni rag‘batlantirish, tabiiy resurslarni boshqarishni yaxshilash kiradi. Bundan tashqari, soliq sxemalari, to‘g‘ridan-to‘g‘ri va bilvosita subsidiyalar, tariflar va import kvotalaridagi o‘zgarishlar ham agrar sektorning rivojlanishiga ta’sir qilishi mumkin.

O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili qishloq xo‘jaligining yalpi ichki mahsulotga qo‘shgan hissasi 25 foizni tashkil etdi. Sektorda 3,6 millionga yaqin kishi ishlaydi. Mamlakat aholisining 49 foizi qishloqlarda yashaydi. Ayni paytda O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining 70 foizi fermer xo‘jaliklarida yetishtirilmoqda.