Qoraqalpog‘istonda Damas va Lacetti ishtirokidagi yo‘l-transport hodisasi oqibatida bir kishi vafot etdi. Bu haqda Respublika Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ma’lum qildi.

Qoraqalpog‘iston Ichki ishlar vazirligi YHXB axborot xizmati inspektori Tursunbay O‘temuratovning ma’lum qilishicha, 13 fevral kuni tungi soat 01:15 atrofida Amudaryo tumani hududidan o‘tuvchi 4R160 davlat ahamiyatiga molik Urganch-Gurlan-Mang‘it-Turkmaniston chegarasi avtomobil yo‘lining 73−74-kilometrlari oralig‘ida Lacetti va Damas ishtirokida YTH yuzaga kelgan.

Voqeaning yuzaga kelishiga Lacetti haydovchisi yo‘l harakati qoidalarini buzib, yo‘lning qarama-qarshi tarafiga chiqib ketishi va yo‘nalishi bo‘ylab to‘g‘ri harakatlanib kelayotgan Damas bilan to‘qnashgani sabab bo‘lgan.

Oqibatda 1995 yili tug‘ilgan Lacetti haydovchisi vafot etdi. Damas haydovchisi esa ko‘krak qafasi qisilishi, bosh miya jarohati tashxisi bilan tuman tibbiy yordam ko‘rsatish jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Bundan tashqari, Damas avtomashinasidagi 1977 yili tug‘ilgan yo‘lovchi bosh miya jarohati, ichki a’zo yorilishi tan jarohatlari tashxisi bilan tuman tibbiy yordam ko‘rsatish jonlantirish bo‘limiga keltirilgan.

Holat yuzasidan tergov surishtiruv ishlari olib borilmoqda.