Qozog‘istondan olib kelingan qalbaki pullarni sotayotgan shaxslar qo‘lga olindi, deya xabar berdi Davlat xavfsizligi xizmati matbuot xizmati.

DXXning Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazildi. Tekshiruvda Muborak tumanida yashovchi, 1952 yili tug‘ilgan, muqaddam sudlangan Sh. E. qalbaki 5 ming AQSh dollarini 25 million so‘mga sotayotgan vaqtida dalillar bilan ushlandi.

Shuningdek, tezkor surishtiruv harakatlari davomida ushbu shaxs mazkur qalbaki kupyuralarni Kitob tumanida yashovchi, 1964 yili tug‘ilgan, muqaddam bir necha marotaba sudlangan T.X.dan olgani aniqlandi va u ham qo‘lga olindi.

Holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.