Hindiston (ayollar o‘rtasida) va O‘zbekistonda (erkaklar o‘rtasida) bo‘lib o‘tadigan boks bo‘yicha jahon chempionatini bir necha davlatlar boykot qildi.

8 fevral kuni AQSh boks federatsiyasi tashkilotning rasmiy saytida Amerika jamoasining erkaklar va ayollar o‘rtasidagi jahon chempionatlarida qatnashishdan bosh tortgani haqida bayonot bilan chiqdi. Bayonotda bu pozitsiya uchun bir qator dalillar keltirilgan, biroq asosiy sabab Xalqaro boks assotsiatsiyasining Rossiya va Belarus bokschilariga o‘z milliy bayroqlari ostida musobaqalarda qatnashishiga ruxsat berish haqidagi qarori bo‘ldi.

USA Boxing rahbari Mayk MakAti Marokashda bo‘lib o‘tgan so‘nggi boks turnirida rossiyaliklar o‘z bayrog‘i va madhiyasi ostida chiqish qilganiga e’tibor qaratdi.

Shuningdek, u XBAga qarshi boshqa da’volarni ham sanab o‘tdi, uning fikricha, jahon chempionatlarida ishtirok etish «nafaqat Xalqaro olimpiya qo‘mitasining 2 fevralda tasdiqlangan sanksiyalarini, balki o‘yin va shaffoflik tamoyillarini ham buzadi».

Da’volar ro‘yxati sudyalarni tanlashning buzilishi, sanksiyalar ostida bo‘lgan «Gazprom»ga homiylik qilish, «shaffof bo‘lmagan» budjetlar, gender jihatdan ayollar va erkaklarga teng pul mukofotlarining yo‘qligi, shuningdek, Rossiya va Belarus sportchilarining davlat bayroqlari, madhiyalari va ranglari ostida chiqishlariga XBA berayotgan ruxsatnomani o‘z ichiga oladi.

AQShdan so‘ng Irlandiya boks federatsiyasi ham u yerga rossiyalik sportchilar qabul qilingani sababli erkaklar va ayollar o‘rtasidagi jahon chempionatlarida qatnashishdan bosh tortishga qaror qildi, Bu haqda Irish Independent (IABA) xabar berdi. IABA Direktorlar kengashi turnirlarni boykot qilish uchun ovoz berdi, 15 kishi buni yoqladi, 5 kishi qarshi chiqdi.

Chexiya boks assotsiatsiyasi prezidenti Marek Simak Chexiya terma jamoasining boks bo‘yicha jahon chempionatini boykot qilish niyatini tasdiqladi. Sport.cz nashriga bergan intervyusida u bu qadamni Ukrainani qo‘llab-quvvatlash va Xalqaro boks assotsiatsiyasi Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan aloqador bo‘lgan rossiyalik Umar Kremlev nazorati ostida qolayotganiga javob deb atadi.

Ha, katta mukofot puli bo‘ladi. Ikkita bronza medali uchun 25 000 dollar, kumush uchun 50 000 dollar va oltin uchun 100 000 dollar. Kreml jahon chempionatini biznesga aylantirmoqchi. Bu yomon emas, lekin u XOQga qarshi chiqish bilan muammoni hal qila olmaydi… Boks Olimpiya o‘yinlariga tegishli, dedi u.

Shvetsiya boks assotsiatsiyasi rahbari Per-Aksel Shyoxolmning aytishicha, agar Rossiya va Belarus sportchilari musobaqada ishtirok etsa, mamlakat boks bo‘yicha jahon chempionatini boykot qilishga qo‘shiladi.

«Bu yerda na demokratiya, na oshkoralik mavjud. Biz XBA arizasini qabul qilmaymiz. Demokratiya va illyuziya yo‘q. Biz o‘zgarishlarni amalga oshirish uchun bir necha yil ishladik, ammo muvaffaqiyatga erisha olmadik. Keyin ular o‘zlari Rossiya va Belarusga milliy bayroqlar ostida bellashishga ruxsat berishga qaror qildi», — deya uning so‘zlarini keltiradi Chempionat SVT nashriga tayanib.

Kanada boks federatsiyasi ayollar va erkaklar o‘rtasidagi jahon chempionatlarini boykot qilishga rossiyalik va belaruslik sportchilarning ishtiroki, shuningdek, ushbu sport turining jahon boshqaruv organi faoliyatiga norozilik sifatida qo‘shildi.

Sport tashkiloti rahbari Rayan O’Shi XBAda davom etayotgan korrupsiya tufayli sportning kelajagi haqida jiddiy xavotirda ekanini aytdi.

Buyuk Britaniya kelasi oy Hindistonda bo‘lib o‘tadigan ayollar o‘rtasidagi boks bo‘yicha jahon chempionatida rossiyalik sportchilarning o‘z milliy bayrog‘i ostida ishtirok etishidan xavotirlar tufayli ishtirok etmaydi. Sport tashkiloti erkaklar terma jamoasining Toshkentda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida ishtirok etishi ham ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, boks bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi jahon chempionati 15−31 mart kunlari Hindistonda, erkaklar o‘rtasidagi jahon chempionati Toshkentda 1−14 may kunlari bo‘lib o‘tadi.

Umar Kremlev 2020 yilning dekabridan buyon IBA (sobiq AIBA)ni boshqarib kelmoqda. Bungacha u Rossiya boks federatsiyasi bosh kotibi lavozimida ishlagan. U lavozimga tayinlangan paytda XBAning qarzlari 20 mln dollarni tashkil qilgan. 2021 yilning may oyida Kreml barcha qarzlarning to‘liq qaytarilishini e’lon qildi. 2022 yilda u XBA prezidenti etib qayta saylandi.

2019 yil iyun oyida XOQ Ijroiya kengashi qarzlari tufayli tashkilotdagi XBA a’zoligini to‘xtatib qo‘yishni, ammo boksni Tokio-2020 Olimpiada o‘yinlari dasturida saqlab qolishni tavsiya qildi. XOQ sessiyasida ushbu tavsiyanoma tasdiqlandi. Natijada 2021 yilda Tokioda bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiada o‘yinlarida boks bo‘yicha musobaqalarni tashkil etish XOQ tomonidan amalga oshirildi.

2022 yil fevralida Xalqaro olimpiya qo‘mitasi Ukrainadagi vaziyat tufayli rossiyalik va belaruslik sportchilarni musobaqalarga qo‘ymaslikni tavsiya qilgan bo‘lsa, 4 mart kuni XBA rossiyalik sportchilarga tashkilot shafeligidagi xalqaro turnirlarda qatnashishni taqiqlagan edi. 5 oktabr kuni XBA rossiyalik va belaruslik bokschilarning diskvalifikatsiyasini bekor qildi, sportchilarga xalqaro maydonlarda milliy bayroqlar va davlat madhiyalari ostida qatnashishlariga ruxsat berildi.

O‘tgan iyun oyida XOQ 2024 yilda Parijda bo‘lib o‘tadigan Olimpiada o‘yinlaridagi boks turniri yana XBdan holi tarzda o‘tkazilishini e’lon qildi. Bundan tashqari, boks 2028 yilgi Olimpiya o‘yinlarining dastlabki dasturiga kiritilmagan. Dekabr oyida esa qo‘mita XBA a’zoligini to‘xtatib turishni ma’qullagandi.