Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida 39 yoshli ayolning 4 nafar erkak mahalladoshi tomonidan zo‘ravonlikka uchragani aytilmoqda. Tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘layotgan mazkur holat bo‘yicha Xotin-qizlar qo‘mitasi munosabat bildirdi.

Ta’kidlanishicha, 2022 yil 28 dekabr kuni Bo‘stonliq tuman IIBga fuqaro I.G. qo‘ng‘iroq qilib, shu kuni soat 05:00 da uyining yotoqxonasida uxlab yotgan vaqtida mast holda bo‘lgan mahalladoshlari unga nisbatan zo‘rlik ishlatgani, ojizaligidan foydalanib, urib, tan jarohati yetkazib, zo‘rlab nomusiga tekkanliklarini ma’lum qilgan.

«Jabrlanuvchi o‘sha kunning o‘zidayoq tuman tibbiyot shifoxonasiga yotqizilgan, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. „Chinboyliq“ MFY xotin-qizlar faoli, tuman xotin-qizlar masalalari bo‘yicha mutasaddilari tomonidan fuqaro holidan xabar olingan, tibbiy, psixologik yordam ko‘rsatilgan. Farzandlari qo‘rqib qolgani sababli ularga psixologik yordam ko‘rsatilib, buvisi qaramog‘iga topshirilgan», — deyiladi qo‘mita axborotida.

Qayd etilishicha, ayol IIV huquqbuzarliklar profilaktikasi tomonidan 10 fevral kuni Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markaziga olib kelingan. U va uning farzandlariga psixologik yordam ko‘rsatilmoqda.

Viloyat Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot kotibi Bobur Tulyaganovning xabar berishicha, holat yuzasidan 25−27 yoshli 4 nafar gumonlanuvchi (tezkor) protsessual tartibda ushlangan. Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 118-moddasi (Nomusga tegish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ular ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.

«Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda. Shuningdek, holat yuzasidan 10 ga yaqin sud tibbiy va boshqa turdagi ekspertiza tayinlangan», — deyiladi axborotda.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 118 (Nomusga tegish) va 119-modda (Jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish)lar bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergov jarayoni Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.