Toshkent shahrida havoning mayda chang zarralari bilan ifloslanish darajasi havoning «o‘rta» va «yaxshi» darajadagi ifloslanish toifasiga kirib, inson salomatligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmaydi. Bu haqda 14 fevral, seshanba kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan brifingda O‘zbekiston Tabiiy resurslar vazirligi boshqarma boshlig‘i Aziz Kalimbetov ma’lum qildi (video).

Bayonot House Fresh xalqaro jamoatchilik loyihasi tomonidan olib borilgan so‘nggi tadqiqotlarga javoban berildi. O‘rganishlar havo sifatining yomonligi toshkentliklar salomatligiga bir yilda 503 dona sigaret chekilgandek ta’sir qilishini ko‘rsatgandi. Toshkent dunyoning ifloslangan havosi salomatlikka eng ko‘p ta’sir ko‘rsatadigan 20 ta yirik shaharlar orasida Jakarta va Olmaota o‘rtasida 16-o‘rinni egallagan.

Aziz Kalimbetovga ko‘ra, mamlakatning tabiiy xususiyatlari (quruq iqlim, qumli va gilli tuproq) sababli atmosfera havosida muallaq zarrachalar — chang miqdori yuqori hisoblanadi.

Toshkent shahrida 15 ta kuzatuv postlar mavjud bo‘lib, 2021 yildan 2 ta Horiba (Yaponiya-Germaniya) zamonaviy avtomatik stansiyasi faoliyatini boshlagan. Toshkent shahrida 2 ta zamonaviy avtomatik stansiyani ishga tushirilishi ilk bor atmosfera havosidagi kichik o‘lchamdagi RM 2,5 moddalarni ham kuzatish hamda aniq ma’lumotlar tayyorlash imkoniyatini bergan.

Muntazam o‘lchovlar shuni ko‘rsatadiki, poytaxt havosining chang zarralari bilan ifloslanish darajasi «o‘rta» va «yaxshi» bo‘lib, bu «inson salomatligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmaydi», dedi Tabiat resurslari vazirligi vakili.

«Maqola e’lon qilingandan keyin Tabiat resurslari vazirligining Toshkent shahri boshqarmasi tomonidan o‘rganish tahlil ishlari olib borilib, shahar hududining bir nechta nuqtalarida atmosfera havosidan tahlil uchun na’munalar olindi. Tahlil natijalariga ko‘ra, atmosfera havosidagi zararli moddalar miqdori me’yor darajasidan ortiq holatlar aniqlanmadi», — dedi u.

Shu bilan birga, Aziz Kalimbetov tegishli vazirlik va idoralar mutaxassislari tomonidan House Fresh loyihasi tomonidan chop etilgan ma’lumotlar yuzasidan qo‘shimcha ilmiy tadqiqotlar va tahlillar olib borilishini aytdi.

Tabiat resurslari vazirligi vakili Toshkent shahri va butun O‘zbekiston aholisini mas’ul idoralar tomonidan atmosfera havosining umumiy holati bo‘yicha doimiy monitoring o‘rnatilgani va aholining ortiqcha sarosimaga tushishiga jiddiy sabablar yo‘qligini ma’lum qildi.