O‘zbekiston Turkiyaning tabiiy ofat sodir bo‘lgan hududlariga 170 tonnalik insonparvarlik yordamini jo‘natdi, deb xabar qildi Anadolu agentligi.

Gumanitar aksiya O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi huzuridagi «Yoshlar kelajagi» jamg‘armasi, O‘zbek-turk ishbilarmonlar uyushmasi (UTİD), Tashqi iqtisodiy aloqalar kengashi (DEİK), Turkiya Sanoatchilar va tadbirkorlar uyushmasi (MÜSİAD) O‘zbekiston bo‘limi tashabbusi bilan o‘tkazildi. «Gazeta.uz» avvalroq Turkiya elchixonasi tomonidan tashkil etilgan O‘zbekiston aholisidan yordam yig‘ish jarayoni qanday ketayotgani haqida yozgan edi.

Turkiyaga yuborilgan insonparvarlik yordami 45 tonna dori-darmon va tibbiy buyumlar, 8 tonna oziq-ovqat, 90 tonna narsalar: kiyim-kechak, poyabzal, ko‘rpa-to‘shak, uyqu qopchiqlari, bolalar tagliklari va gigiyena vositalaridan iborat. Shuningdek, 130 ta generator, 700 ta elektr isitgich va boshqa zarur buyumlar ham yuborildi.

Gumanitar yuk 6 ta yuk samolyoti va 7 ta yuk mashinasida Turkiyaning turli mintaqalariga yetkazildi.

Shuningdek, hozirda moddiy mablag‘ yig‘ish davom etmoqda. Turkiya Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish boshqarmasi (AFAD) tomonidan yig‘ilayotgan mablag‘ yig‘ish haqidagi ma’lumot O‘zbekiston Markaziy banki tomonidan e’lon qilindi.

Shu bilan bir vaqtda, Turkiyaning zilziladan jabr ko‘rgan hududlarida o‘zbekistonlik oshpazlar 5 ming kishiga ikki mahal ovqat tarqatmoqda.

Bundan tashqari, tabiiy ofat zonasida O‘zbekistondan 100 nafar qutqaruvchi va 71 shifokor ishlamoqda, Istanbuldagi O‘zbekiston madaniyat, tadqiqot va birdamlik uyushmasi ko‘ngillilari ham yordam bermoqda.

Eslatib o‘tamiz, 6 fevral, dushanba kuni Turkiya janubi-sharqida 7,7 va 7,6 magnitudali ikkita zilzila sodir bo‘ldi. Buning oqibatida halok bo‘lganlar soni 31,6 ming kishidan oshdi.