Namangan Muhandislik-qurilish institutining 3-bosqichida o‘qigan 21 yoshli talaba 10 fevral kuni o‘ziga o‘t qo‘yib, kuchli kuyish sababli shifoxonada vafot etdi. Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov «Gazeta.uz»ga voqea tafsilotlarini ma’lum qildi.

Keltirilishicha, farg‘onalik talaba 5 ta fandan oraliq nazoratni topshira olmagani sababli qayta topshirishga qolib ketgan. Guruh rahbari talabaning otasiga qo‘ng‘iroq qilib, uni bu haqda ogohlantirgan. O‘z navbatida, ota o‘g‘liga telefon orqali tanbeh bergan.

Talaba shundan so‘ng ruhiy tushkunlikka tushgani, Yangiqo‘rg‘on tumanidagi «Nurafshon» mahallasining dala-adirlik maydoniga o‘zi bilan birga benzin olib borib, ustidan quyib, o‘zini yoqib, joniga suiqasd qilgani aytildi. Ma’lum qilinishicha, uning jarohat olganini ko‘rgan fuqarolar yordam ko‘rsatib, shifoxonaga olib kelgan.

Tibbiy ma’lumotda alangadan tanasining 50% qismida chuqur kuyish jarohatlari mavjudligi ko‘rsatilgan.

Shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan tez-tibbiy muolajalarga qaramasdan, u 13 fevral kuni shifoxonada vafot etgan. Shu kuni Yangiqo‘rg‘on tumani prokuraturasi holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 103-moddasi 1-qismi (O‘zini o‘zi o‘ldirishga undash, agar shaxs o‘zini o‘zi o‘ldirgan yoki o‘zini o‘zi o‘ldirishga suiqasd qilgan bo‘lsa, 2−5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.