11 fevral kuni Toshkent harbiy prokuraturasi Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi harbiy qismda harbiy xizmatchi Mirjalol Imomovning o‘limi yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atishni rad etdi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga O‘zbekiston Bosh prokuraturasi xabar berdi.

Uning o‘limi holati o‘rganilganda biror shaxsning harakatlarida jinoyat tarkibi aniqlanmagan, deya ta’kidladi Bosh prokuratura. Bunday qaror Toshkent shahri harbiy prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv vaqtida o‘tkazilgan ekspertiza asosida qabul qilingan.

Tergov materiallariga ko‘ra, 11 yanvar kuni soat 10:00 da oddiy askar Mirjalol Imomov harbiy qismning nazorat-o‘tish punktida kundalik navbatchilik paytida dam olish xonasiga kirib, u yerda qurol saqlash javonida turgan navbatchi serjantga biriktirilgan AK-74 rusumli o‘qotar qurolni olgan.

So‘ng jangovar quroldan o‘zining jag‘ qismiga bir marta otib, vafot etgan.

Toshkent harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondonligiga harbiy qismda qurol-yarog‘ topshirish va qabul qilish tartibidagi kamchiliklar to‘g‘risida hisobot taqdim etildi, deya xabar beradi Bosh prokuratura.

Hozirda yigitning o‘z joniga qasd qilgani holati bo‘yicha o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv materiali va qabul qilingan qaror harbiy prokuror tomonidan nazorat tartibida o‘rganib chiqilmoqda.

Avval yozganimizdek, Mirjalol Imomovning ota-onasiga o‘g‘lining o‘limi haqida xabar berilgandi. «Avval o‘g‘lingiz o‘zini otib qo‘ydi, keyin uni otib qo‘yishdi, dedi», — deya so‘zlab bergan yigitning onasi.

Marhumning xolasi esa jasad ekspertizaga berilmagani, tanasida turli jarohat izlari borligini aytgan. Xolasining aytishicha, bu holatga ular ishonmagan.