Surxondaryo viloyati Termiz tumanida giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullangan shaxslarga hukm o‘qildi, deya xabar bermoqda DXX.

Ma’lum qilinishicha, Termiz tumanida yashovchi, 1989 yilda tug‘ilgan fuqaro 2021 yilning sentabr oyida Denov tumanida tojikistonlik shaxsdan 2 kg «opiy» moddasini 14 ming AQSh dollariga sotib oladi va kelgusida uni qayta sotib, daromad topish maqsadida uyida saqlaydi.

2022 yilning iyun oyida u Termiz shahri va Termiz tumanida yashovchi, 1983 va 1986 yillarda tug‘ilgan 2 nafar tanishi bilan ushbu moddani 40 ming AQSh dollariga sotgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.

Shuningdek, holat yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida Termiz shahrida yashovchi, 1985 yilda tug‘ilgan shaxs ham mazkur noqonuniy ishga aralashgani aniqlandi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahar sudining hukmiga ko‘ra, ushbu 4 nafar shaxs Jinoyat kodeksining 246 (Kontrabanda) va 273-moddalari (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bilan aybdor deb topilib, ularga 12 yildan 14 yilgacha bo‘lgan muddatlarga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.