Bir necha kun muqaddam ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi otchoparda otlar ochlikdan nobud bo‘layotgani to‘g‘risidagi xabarlar tarqalgan edi.

«Hayot» boshpanasi hamda Mehr va oqibat hayvonlarni himoya qilish jamiyati, jumladan, otlar ochlikdan o‘layotgani, ular munosib parvarishlanmayotgani haqida ma’lum qildi. O‘z navbatida, Milliy gvardiya veterinar va volontyorlar, shuningdek, huquqni muhofaza qilish idoralari vakillari hodisa joyiga borib, volerlarni tozalagani va otlarni davolashni boshlaganini ma’lum qildi. Seshanba, 14 fevral kuni Milliy gvardiya matbuot xizmati hayvonlarning xavfli holatda qoldirilgani ikki bosh otning o‘limiga, boshqa jonivorlarning ham kuchsizlanishiga («Hayot» boshpanasi ma’lumotlariga ko‘ra, 14 bosh ot qutqarilgan) sabab bo‘lgani bo‘yicha tekshiruv o‘tkazilganini bildirdi. Milliy gvardiyaning «Gazeta.uz»ga qo‘shimcha qilishicha, otchopar otxonalarni xususiy ot boquvchilarga ijaraga bergani aniqlangan. Otlarning egasi, Mehr va oqibat ma’lumotlariga ko‘ra, jonivorlar kasal bo‘lib qolgan va ularni davolashga puli bo‘lmaganini bildirgan. Otlarning oriqlab ketishi va o‘limiga sababchi bo‘lgan shaxslar — S. A. (1958 yilda tug‘ilgan) va U. A. (1959)ga nisbatan O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 111-moddasi 1-qismida (Hayvonlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lish) ko‘zda tutilgan huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Ularning har biri 900 ming so‘m miqdorida jarimaga tortilgan. Bundan tashqari, ippodrom rahbariyatini almashtirish masalasi hal qilinmoqda, deya qayd etdi Milliy gvardiya.