Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida 4-maktab binosining tashqi devori yorilgani sabab yomg‘ir suvlari poydevorga sizib kirib, uning biroz cho‘kishiga sabab bo‘ldi. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi holatga rasmiy izoh berib, hozir pudratchi yoriqlarni ta’mirlaganini ma’lum qildi.

Keltirilishicha, obyekt foydalanishga topshirilayotganda tekshiruvchilar topgan kamchiliklarni pudratchi to‘liq bartaraf etmagan. Shu sababli hozir inspeksiya binoni foydalanishga topshirish bayonnomasini rasmiylashtirmagan.

«Binoning texnik holatiga keladigan bo‘lsak, uning tashqi devoridagi yoriqlar sabab tom qismidan tushayotgan yomg‘ir suvlari binoning poydevor qismiga ketayotganligi oqibatida poydevorda cho‘kish yuzaga kelgan. Bugungi kunda yuzaga kelgan yoriqlar pudratchi tomonidan ta’mirlangan. Pudratchiga bahorgi ta’til vaqtida qayta to‘liq ta’mirlash bo‘yicha ko‘rsatma ham taqdim etilgan», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, qurilish obyektida 120 o‘rinli qo‘shimcha bino qurilishi loyihada belgilangan. Biroq bosh rejada ko‘rsatilgan hududda ko‘p yillik daraxtlarni kesishning imkoni yo‘qligi sabab uning qurilishi avval belgilangan joydan boshqa yerga ko‘chirilgan. Qurilish jarayonida kiritilgan o‘zgartirishlarga buyurtmachi tomonidan 2020 yil mart oyida bayonnoma rasmiylashtirilgan.