Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atambayev 14 fevral kuni Moldovanovka qishlog‘idagi 27-koloniyadan ozod qilindi, deb xabar bermoqda «Kabar» agentligi.

Bir kun avval Qirg‘iziston Oliy sudi sudyalar kollegiyasi «kriminal avtoritet» Aziz Batukayev ishi doirasida yangi holatlar aniqlangani sababli Almazbek Atambayevga nisbatan chiqarilgan hukmni bekor qildi.

Endilikda jinoiy ish yana Bishkekning Pervomayskiy tuman sudida ko‘rib chiqiladi.

«Menga qarshi barcha jinoiy ishlar uydirma va oq ip bilan to‘qilgan», dedi Almazbek Atambayev jurnalistlarga.

Sog‘ligi haqidagi savolga javob berar ekan, zudlik bilan davolanishi kerakligini aytdi. «Chet elda davolanish kerak. Lekin har doimgidek qaytaman. I’ll be back», deb hazillashdi sobiq prezident.

Shu kuni u Koy-Tash qishlog‘idagi uyiga yetib keldi. Uni qarindoshlari va do‘stlari kutib olishdi.

2020 yilning yozida Pervomayskiy sudi Almazbek Atambayevni Aziz Batukayevni noqonuniy ravishda ozod qilgani uchun 11,2 yilga ozodlikdan mahrum qilgan edi.