Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov OTMga quyosh panellarini o‘rnatish ishlari yanada jadallashtirish, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni kengaytirish hamda bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash masalalari bo‘yicha oliy ta’lim muassasalari rektor va mas’ul prorektorlari bilan kengaytirilgan onlayn formatda yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar qildi.

Yig‘ilishda dastlab barcha oliy ta’lim muassasalarini muqobil energetikasiga o‘tkazish masalasi muhokama qilindi. Rektorlarga universitet va institutlarning o‘quv va talabalar turar joylari binolarini to‘liq quyosh energiyasi panellari bilan jihozlash topshirildi.

Vazir yig‘ilish davomida quyosh panellari OTMning yillik elektr energiya sarfining kamida 70 foizini qoplashi shartligini ta’kidladi. Bu maqsadga erishish uchun barcha ta’lim muassasalarining mavjud o‘quv, laboratoriya, yordamchi va yotoqxona binolarining tom qismini mutaxassis jalb qilgan holda texnik tomonlama quyosh panellarini o‘rnatish imkoniyatini aniqlash va quyosh panellarini o‘rnatishga sarflanadigan xarajatlar smetasini tuzish bo‘yicha topshiriq berildi.

So‘ng, oliy ta’lim muassasalarining pedagog kadrlari, xodimlari o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni kengaytirish lozimligi qayd etildi. Buning uchun rektorlarga o‘z xodimlarining farzandlari bilan maktub orqali yozishmalarni yo‘lga qo‘yishi tavsiya etildi. Vazir rektor xodimining oilasidagi muhitni o‘rganish orqali jamoadagi muhitni yaxshilashi bo‘yicha shaxsiy tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.

Shuningdek, OTMdagi iqtidorli talabalar ro‘yxatini tuzish va ular bilan alohida ishlash mexanizmini yo‘lga qo‘yish masalasida takliflar berildi. Oliy va professional ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ishga joylashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratilishi, ayniqsa ishga joylanmagan bitiruvchilari soni ko‘p bo‘lgan nodavlat OTM sifatsiz ta’lim berayotgan muassasa deb topilishi va kelajakda ularning faoliyatini tugatish masalasi ko‘rib chiqilishi haqida ogohlantirildi.