Tabiat resurslari vazirligi matbuot xizmati Jizzax viloyatida hayvonlarni noqonuniy ovlash holatlari bo‘yicha ma’lumot berdi.

Xususan, 11 fevral kuni Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi bo‘limi hududidan fuqaro A.K. o‘ziga tegishli bo‘lgan ov miltig‘ida O‘zbekiston «Qizil kitob»iga kiritilgan 1 bosh oqqushni noqonuniy ravishda ovlagan.

Holat yuzasidan unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 94-moddasi (Noyob yoki yo‘q bo‘lib ketish xavfida turgan hayvonlarni yo‘q qilib yuborish, o‘lja qilish yoxud shunday hayvonlarning qirilib ketishiga, sog‘i kamayib ketishiga yoki yashash muhiti buzilishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan boshqa harakatlar sodir etish) 1-qismiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Hayvonot dunyosiga yetkazilgan zarar uchun BHMning 50 barobari, ya’ni 15 mln so‘m belgilanib, to‘plangan hujjatlar sud organiga taqdim etish uchun tayyorlanmoqda.

қизил kitob
Foto: Tabiat resurslari vazirligi

Reyd tadbiri davomida, shuningdek, fuqaro M.M. o‘ziga tegishli bo‘lgan ov miltig‘i yordamida ov yo‘llanmasida belgilanganidan ortiq 5 ta qashqaldoq va 1 ta yovvoyi o‘rdakni noqonuniy ravishda ovlagani ma’lum bo‘ldi.

Unga ham Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 90-moddasi (Ov qilish va baliq ovlash qoidalarini, shuningdek hayvonot dunyosidan foydalanishning boshqa turlarini amalga oshirish qoidalarini buzish), 1-qismiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. BHMning 10 barobari, ya’ni 3 mln so‘m jarima va hayvonot dunyosiga yetkazilgan zarar uchun 1 mln 800 ming so‘m belgilanib, hujjatlar tegishli tartibda sud organlariga taqdim qilinmoqda.

Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlarda Yangiobod tumanining Uchturg‘on qishlog‘ida fuqaro bo‘rini so‘yib tashlagani aks etgan xabar tarqalgandi.

қизил kitob
Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Ekologik inspeksiya tomonidan olib borilgan o‘rganishlar davomida ushbu holat Yangiobod tumani Havotog‘ QFYning Uchturg‘on qishlog‘ida yashovchi fuqaro J.Z. tomonidan bundan ikki yil oldin sodir etilgani aniqlandi.

Fuqaroga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 90-moddasi 1-qismiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, BHMning o‘n baravari, ya’ni 3 mln so‘m miqdorida jarima qo‘llandi.