FVV xodimlari Turkiyaning Hatay va Antakiya hududlarida qidiruv-qutqaruv ishlarini davom ettirmoqda. O‘zA bergan ma’lumotga ko‘ra, ular xizmat itlari yordamida 62 yoshli Samet Genco va 60 yoshli Seval Genconi qutqarib qoldi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot kotibi Murod Sodiqovning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, qutqarilgan er-xotin Samet va Seval Genkolar (62 va 60 yoshli) olti kun vayronalar ostida qolib ketgan. Ularni o‘zbekistonlik qutqaruvchilarning qidiruv iti topdi. Omon qolganlarni qutqarish bo‘yicha operatsiya turk va meksikalik qutqaruvchilar bilan hamkorlikda o‘tkazildi. Ular keyingi davolanish uchun shifokorlarga topshirildi.

Qidiruv-qutqaruv operatsiyasi boshlanganidan buyon, ya’ni 7 fevraldan beri O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi otryadi tomonidan 16 kishi qutqarib olinib, 107 nafar halok bo‘lganlarning jasadlari olib chiqildi, deya qo‘shimcha qildi Murod Sodiqov.