Qozog‘istonning Ostona shahrida yengil atletika bo‘yicha yopiq inshootlardagi Osiyo chempionati yakuniga yetdi, deya xabar bermoqda O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.

Terma jamoa a’zosi Yekaterina Voronina beshkurash dasturida ishtirok etib, 4386 ochko to‘plashga erishdi va jamoaga ilk otlin medalni olib berdi. Uch hatlab sakrash dasturida ishtirok yetgan 16 yoshli Sharifa Davronova eng yuqori natija qayd etib, yaponiyalik va xitoylik raqiblarini ortda qoldirdi va oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Musobaqaning so‘nggi kunida terma jamoa kumush va bronza medallariga ega chiqdi. 4×400 metrga yugurish bo‘yicha estafeta bahsida startga chiqqan qizlar ikkinchi bo‘lib marra chizig‘ini kesib o‘tdi. Ular qayd etgan 3:46:45 daqiqalik natija yangi milliy rekord sifatida qayd etildi.

Shuningdek, uzunlikka sakrash sektorida Tokio-2020 olimpiadasi ishtirokchisi Darya Reznichenko 6,37 metr bilan bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Shu tariqa terma jamoa mazkur musobaqada 2 ta oltin, 1 tadan kumush hamda bronza medallariga sazovor bo‘ldi.