Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon shahrida qurilishi yakunlanmagan bino buzilib ketgani aytilgan xabar tarqalgandi. Holat bo‘yicha viloyat qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi, deb bayonot berdi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati.

Aniqlanishicha, obyektning qurilish ishlari 2022 yil mart oyida boshlangan. Nazorat tadbirlari davomida fuqaro I.Usmonov tegishli shaharsozlik hujjatlarisiz, inspeksiyani xabardor qilmasdan, obyektda qo‘shimcha 2 qavat (4−5-qavat) qo‘shib, qurilish ishlarini amalga oshirgan.

Holat bo‘yicha fuqaro I.Usmonovga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 99-moddasi 7-qismi (obyektlarni davlat ekspertizasining loyiha-smeta hujjatlariga, shu jumladan, ish hujjatlariga doir ijobiy xulosasisiz, shuningdek qurilish sohasida nazorat qilish va yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyalarining ruxsatnomasisiz qurish) bilan ma’muriy chora qo‘llangan.

Qurilish ishlari davomida binodagi temir-beton plitalarining qulab tushishi va bino yuqori qavatlaridagi devorlar buzilishiga ishchilar tomonidan temir-beton plitalar ustiga me’yordan (me’yor bo‘yicha 1 metr kvadrat yuzaga 800 kg yuk tushishi belgilangan, lekin ushbu yuzaga 1400−1500 kg atrofida yuk joylangan) ortiq qurilish materiallari yuklangani hamda yuklarni avtokranda tushirish jarayonida dinamik qo‘yish hosil bo‘lishi sabab bo‘lgan.

Inspeksiya tomonidan obyektning shaharsozlik hujjatlarisiz qurilgan va yaroqsiz holga kelgan 4 va 5-qavatlarini fuqaro I.Usmonov tomonidan texnika xavfsizlik talablariga qat’iy rioya etgan holda buzib (demontaj) olishi kerakligi tushuntirilgan, binoning 5-qavati demontaj qilingan.

Hozirda I.Usmonovning moliyaviy muammolari sabab binoning 4-qavatini buzish va qurilish ishlarini davom ettirish vaqtincha to‘xtatilgan. obyektning demontaj ishlarini bajarish va qurilishni davom ettirish inspeksiya tomonidan nazoratga olingan.