12 fevral kuni Afg‘oniston temir yo‘l boshqarmasi va «Sogdiana trans» SHK o‘rtasida Hayraton-Mozori Sharif temir yo‘lida ekspluatatsiya ishlarini davom ettirish to‘g‘risida yangi kelishuv imzolandi, deya xabar qildi «O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasi matbuot xizmati. Yangi kelishuvga ko‘ra, «Sogdiana Trans» 2 yil davomida o‘z faoliyatini davom ettiradi.

Bundan tashqari, tomonlar birgalikda «Mozori Sharif» bekatiga yuklarni yetkazib berishni tezlashtirishni kelishib oldilar. Hamda Afg‘oniston temir yo‘llari boshqarmasining mahalliy mutaxassislarini tayyorlashga alohida e’tibor qaratdilar.

Eslatib o‘tamiz, «mamlakat hududida temir yo‘ldagi texnik ishlar o‘z vaqtida bitmagani» sababli 1 fevraldan O‘zbekistondan Afg‘onistonga temir yo‘l qatnovi vaqtincha to‘xtatilgan edi. 8−10 fevral kunlari Termizda Afg‘oniston temir yo‘llari boshqarmasi delegasiyasi bilan uchrashuv o‘tkazildi. Uning natijasida Afg‘oniston temir yo‘l boshqarmasi va «Sogdiana trans» SHK o‘rtasida Hayraton−Mozori-Sharif temir yo‘lini ekspluatatsiya qilishni kelgusida davom ettirish bo‘yicha yangi shartnoma imzolashga kelishildi va ikki davlat o‘rtasida temir yo‘llari o‘rtasida yuk tashuvi tiklandi.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, 10−11 fevral kunlari Afg‘onistonga 714 ta yuk vagoni yetkazilgan. «Bugungi kunga qadar yuklarni yetkazib berish davom etmoqda», — deyiladi xabarda.