Qurilish vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanida qurilgan yangi «novastroyka»larning devorlari 1 yilga qolmasdan yorilayotgani aytilgan xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, tumanning Mag‘rur ko‘chasidagi 55B-uy 2017 yilda fuqaro B. Z. tomonidan o‘zi va oila a’zolarining yashashi uchun yakka tartibdagi uy-joy sifatida qurilgan va fuqarolarga alohida kvartira sifatida o‘zboshimchalik bilan rekonstruksiya qilingan holda sotilgan.

Holat yuzasidan Respublika sud ekspertiza markazining 2020 yil 17 dekabrdagi qurilish-texnika ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, bino qator talablarga, xususan, seysmik zonada qurilish o‘tkazish talablariga javob bermasligi ma’lum bo‘lgan, hozirgi kunda avariya holatida ekanligi aniqlangan.

2022 yilning fevral oyida Mirzo Ulug‘bek tuman prokuraturasi tomonidan Quyun MCHJ rahbari B. Z. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 186-moddasi (Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish) 4-qismi «a», «b» bandlari, 168-moddasi (Firibgarlik) 4-qismi «a» bandi va 229-moddasi (O‘zboshimchalik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

«Jinoyat ishida to‘plangan hujjatlarga ko‘ra, B. Z. akasi R. Z. bilan Mag‘rur ko‘chasi 55B-uy va boshqa manzillarda shaharsozlik normalari va qoidalarini jiddiy ravishda buzgan holda 3 qavatdan iborat bo‘lgan sifatsiz uylarni qurib, aldov yo‘li bilan fuqarolarga sotgan», — deyiladi tuman hokimligi xabarda.

Yuqoridagi holatlar bo‘yicha sud hukmi bilan B. Z.ga 8 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Akasi R. Z. tergovdan yashiringanligi sababli unga qidiruv e’lon qilingan.

Hokimlikning qayd etishicha, fuqarolarga to‘lanadigan kompensatsiya masalasi Toshkent shahar sudi apellyatsiya instansiyasida ko‘rilmoqda.

Hozirda ushbu bino vakolatli loyiha institutlari tomonidan o‘rganilmoqda. Natijalar haqida qo‘shimcha axborot taqdim qilinadi.