O‘zgidromet xizmati agentligi dam olish kunlari — 10−12 fevral sanalarida kuzatiladigan ob-havo haqida ma’lumot berdi.

9 fevral kuni O‘zbekiston hududiga sovuq kirib keldi. Respublikaning kata qismida yomg‘ir yog‘di va yomg‘ir qorga aylandi. 10 fevral kuni ertalabga kelib, hududning katta qismida qor yog‘ishi to‘xtadi. Faqat respublikaning janubi-sharqiy hududlarida biroz qor yog‘ishi saqlanib turibdi.

Dam olish kunlari barcha hududlarda quruq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Faqat respublikaning ayrim tog‘li hududlarida biroz qor yog‘ishi mumkin.

Kechalari sovuq ob-havo saqlanib turadi. Harorat kechalari −2…−7 daraja atrofida bo‘ladi. Kunduz kunlari havo +2…5 darajagacha, janubda +7…+9 darajagacha isiydi. Yo‘llarda ba’zi joylarda yaxmalak yuzaga kelishi saqlanib turadi.

«9−10 fevral kunlari yog‘ib o‘tgan kuchli qor qoplamining balandligi ikki kecha-kunduzda 60−70 santimetrga oshdi va 150 santimetrga yetdi, bu me’yordan deyarli 2 barabor ko‘p. Yangi yoqqan qor beqaror holatda, shuning uchun qor ko‘chish xavfi juda yuqori. Tog‘larga borganingizda juda ehtiyot bo‘lish so‘raladi», — deyiladi axborotda.