Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi va uning huzuridagi «Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi» DUKda juda ko‘p miqdordagi moliyaviy xato va kamchiliklar hamda budjet mablag‘larining sarf qilinishida belgilangan talablarning qo‘pol ravishda buzilganlik holatlarini aniqladi.

Holatlar bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda DXX tergov boshqarmasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, «Dok-1 Maks» va «Ambronol» siropining nojo‘ya ta’siri sababli o‘tkir buyrak yetishmovchiligi tashxisi bilan bolalar vafoti bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi tergovi doirasida bir qator mansabdor shaxslar qamoqqa olindi.

Xususan, to‘plangan dalillar asosida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi hamda uning huzuridagi «Dori vositalari, tibbiy buyum va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi» DUK direktori Sardor Kariyev hamda sodir etilgan jinoyatlarga aloqador bo‘lgan uning bir nechta shaxslar ish bo‘yicha gumon qilinib ushlanib, ularga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi.

«Dastlabki tergov davomida sifatsiz dori vositalarini O‘zbekistonga import qilib, iste’molga chiqarilishiga ruxsat bergan mas’ullar doirasini aniqlab, harakatlariga huquqiy baho berishga qaratilgan kompleks tergov-tezkor harakatlari va tegishli ekspertizalar o‘tkazilmoqda», — deyiladi xabarda.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2022 yilning dekabr oyida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Sardor Hikmatovich Kariyevni egallab turgan lavozimidan ozod etgandi. U 2019 yil fevralidan beri agentlikni boshqarib kelayotgandi.