1−2 iyul kunlari sodir bo‘lgan Nukus voqealari bo‘yicha 3 nafar huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Tergov doirasida ularga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan ayblov e’lon qilinib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llandi.

Hozirda jinoyat ishlari bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda. Natijasi bo‘yicha jinoyat ishlarining sudga yuborilishi ta’minlanadi.

Dekabr oyida Nukus voqealarida namoyishchilarga qarshi qurol qo‘llanilishining qonuniyligi alohida jinoyat ishi doirasida tergov qilinayotgani xabar qilingandi. Bosh prokuratura «jamoatchilikni xavotirga solayotgan ushbu holatlar»ga huquqiy baho berilishi, agar holatlar tasdiqlanib, ish sudga oshirilsa, sud ochiq tartibda o‘tishini ma’lum qilgandi.

Shavkat Mirziyoyev voqealarda ishtirok etgan barcha tomonlar harakatiga adolatli baho berishni topshirgandi, kuch tuzilmalari tomonidan noto‘g‘ri kuch ishlatilgan bo‘lsa, jinoiy javobgarlik ta’minlanishini aytgandi.

Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkiloti O‘zbekiston hukumati iyul oyidagi noroziliklarga javoban huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qurol-yarog‘dan asossiz foydalanilgani uchun haligacha hech kimni javobgarlikka tortmaganini qayd etgandi.

31 yanvar kuni Buxoro viloyat sudida Nukus voqealari bo‘yicha 22 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishi bo‘yicha sud hukmi e’lon qilingandi. Mahkumlardan biri Po‘lat Shamshetov hukm e’lon qilinganidan ko‘p o‘tmay vafot etgan.

Eslatib o‘tamiz, 6 fevral kuni Buxoro viloyat sudi binosida Nukus voqealarida ayblanayotgan 39 nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni boshlangandi. Prokuratura ularga ommaviy tartibsizliklar uyushtirish, separatistik g‘oyalarni tarqatish, huquq-tartibot idoralari xodimlariga hujum qilish, avtomashinalarga o‘t qo‘yish va yo‘llarni to‘sib qo‘yish kabi ayblovlarni o‘qib eshittirdi.