9 fevral kuni O‘zbekistonning turli hududlarida me’yordan yuqori darajada shamol bo‘lishi kutilmoqda. O‘zgidromet rahbari Sherzodxo‘ja Habibullaxo‘ja o‘zining Facebook`dagi sahifasida poytaxtdagi mashina egalariga avtomobillarini xavfsiz joyga qo‘yishni tavsiya qildi.

Sinoptiklarning xabar berishicha, payshanba kuni O‘zbekistonda havo o‘zgaruvchan bo‘lib, yomg‘ir yog‘adi, ba’zi joylarda qorga aylanadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyatlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol g‘arbdan 7−12 m/s tezlikda esadi, ba’zi joylarda 17−22 m/s gacha kuchayishi mumkin. Harorat +4…+9 iliq, shimolda +2…-7 daraja sovuq bo‘ladi.

Poytaxtda havo bulutli, vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘ib, kunning ikkinchi yarmida qorga aylanishi mumkin. Respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida havo o‘zgarib turadi, qor yog‘adi, ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi, tuman tushadi.