O‘zbekistonda aholi orasida yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning oldini olish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va jismoniy faollik darajasini oshirish maqsadida «To‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi» umummilliy harakati yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda. Bu haqda 2023 yilgi davlat dasturi loyihasida keltirib o‘tilgan.

Harakat quyidagilarni nazarda tutadi:

  • aholiga smartfon va mobil ilovalar yordamida o‘z sog‘lig‘i va ovqatlanishini nazorat qilishni o‘rgatish, to‘g‘ri ovqatlanish bo‘yicha mobil ilova yaratish;
  • bolalarga mo‘ljallangan nosog‘lom oziq-ovqat mahsulotlari va ichimliklar, bolalar oziq-ovqat mahsulotlari hamda energetiklar, dori vositalari, biologik faol moddalar reklamasiga talablarni kuchaytirish;
  • ta’lim muassasalarida bolalar va yoshlar uchun tavsiya etilmaydigan mahsulotlar, shu jumladan, tarkibida shakar, tuz, transyog‘lar miqdori yuqori bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari, ta’m va rang beruvchi qo‘shimchalar ro‘yxatini tasdiqlash va iste’molini kamaytirish;
  • mahalliy mahsulotlar turlaridan kelib chiqib, aholining har bir xavf guruhi va kasallik turlari uchun alohida-alohida sog‘lom ovqatlanishga qaratilgan tavsiyalarni ishlab chiqish;
  • yoshi, tana tuzilishi, turmush tarzi va kasalliklarga moyilligidan kelib chiqib, bolalar, kattalar va keksalar uchun qisqa to‘g‘ri ovqatlanish, sog‘lomlashtirish mashqlari va gigiyena qoidalari to‘plamini yaratish;
  • ish joylarida xodimlarning jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishi va sog‘lom ovqatlanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish.

Buning natijasida aholi, ayniqsa, yoshlar, ayollar va keksalar orasida sog‘lom ovqatlanishni tashkil qilish va jismoniy faollikni targ‘ib qilish hisobiga yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning oldini olish, zararli odatlar va nosog‘lom turmush tarzini kechirish oqibatlari bo‘yicha axborot-targ‘ibot ishlari olib boriladi.

Tahlillarga ko‘ra, mamlakatda 10,7 mln aholi sog‘lom turmush tarzini olib bormaydi. Aholining

  • 16,5 foizi tamaki va 4,7 foizi alkogol iste’mol qilishi;
  • 16 foizi meva va sabzavotlarni yetarli miqdorda iste’mol qilmasligi (kuniga 400 grammdan kam);
  • 36,6 foizi taomga qo‘shimcha tuz qo‘shishi;
  • 32,9 foizida ortiqcha vazn va 23,5 foizida semizlik mavjudligi;
  • 38 foizida yuqori arterial bosim va 8,4 foizi qonida qand miqdorining yuqoriligi;
  • 26 foizining esa jismoniy faolligi sustligi aniqlangan.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yilgi davlat dasturi loyihasiga ko‘ra, 2024 yil 1 yanvardan tibbiy ma’lumotnomalarni qog‘oz shaklda talab qilish taqiqlanadi. Bu amaliyot Navoiy, Sirdaryo, Toshkent shahri, Toshkent va Samarqand viloyatlarida 2023 yildan boshlanadi.