6 fevral kuni tongida Turkiya janubi-sharqida zilzila sodir bo‘ldi — BMT ma’lumotlariga ko‘ra, bu Turkiyada 1939 yildan beri yuz bergan eng kuchli zilziladir. Zarar ko‘rgan hududda zilzila xavfi hali ham saqlanib qolmoqda — bular kuchli aftershoklar bo‘lib, ular ba’zida asosiy zilziladan keyin ham davom etadi. «Gazeta.uz» sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan zilzilaga qanday tayyorgarlik ko‘rish, jarohat yoki o‘lim xavfini minimallashtirish uchun qanday taktikani qo‘llash, zilzila payti va undan keyin nimalar qilish kerakligi haqida Meduza tomonidan e’lon qilingan maqola tarjimasini havola etadi.

Zilzila vaqti va joyini oldindan aytib bo‘lmaydi. Agar xavfli hududda yashasangiz, zilzilaga tayyorgarlik ko‘rish kerak

AQSh Geologiya xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, olimlar kuchli zilzila bo‘lishini hech qachon oldindan ayta olishmagan va yaqin kelajakda ham bashorat qila olishmaydi. Ammo biz faqat aniq prognoz haqida gapirayapmiz — bunga sana va vaqt, joy, shuningdek, ofatning kuchi haqidagi ma’lumotlar kiradi. Shu bilan birga, geologlar Yer sayyorasining turli mintaqalarida seysmik faollikni kuzatishadi va ularning ba’zilarini boshqalarga qaraganda ancha xavfli deb hisoblashadi. Masalan, yirik zilzilalarning 80 foizdan ortig‘i Tinch okeanining chekkalarida, «Olov halqasi» deb nomlanuvchi hududda sodir bo‘ladi. «Olov halqasi» — Tinch okeanining perimetri atrofidagi hudud bo‘lib, u faol vulqonlarning ko‘p qismini o‘z ichiga oladi. Hammasi bo‘lib, ushbu zonada Yerda ma’lum bo‘lgan 540 ta faol yer usti vulqonidan 328 tasi mavjud.

Bundan tashqari, ba’zida asosiy zilziladan keyin bir qator kichikroq zilzilalar paydo bo‘ladi — ular aftershoklar deb ataladi. Olimlarning ta’kidlashlaricha, Turkiyadagi zilziladan keyin aftershoklar haftalar va hatto oylar davom etishi mumkin, ammo ularning intensivligi asta-sekin kamayadi. Qarama-qarshi holatlar ham bo‘lib turadi: kuchsiz zilziladan so‘ng birdan yanada kuchlirog‘i sodir bo‘ladi — bu holatda birinchi falokatni forshok deb atashadi, keyingilari esa asosiy zilzila hisoblanadi.

Siz yashayotgan mintaqaning seysmik faollik xaritasiga qarab, xavflarni baholashingiz mumkin (masalan, bu yerda Turkiya va Gruziya uchun shunday xaritalarni ko‘rish mumkin). Agar siz Turkiyaning janubiy-markaziy qismida yoki zarar ko‘rgan hududga yaqin joyda yashasangiz, yaqin kelajakda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan zilzilalar tufayli ayniqsa ehtiyot bo‘lishingiz kerak.

Mobil ilovani yuklab oling va xabarnomani diqqat bilan kuzatib boring

Zilzilalar doimiy ravishda sodir bo‘ladigan mamlakatlarda, odatda, ommaviy ogohlantirish xizmati yo‘lga qo‘yilgan bo‘ladi. Misol uchun, Isroilda 2021 yilda Frontorti hizmati (O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligining Isroildagi muqobili)ning mobil ilovasi ishga tushirildi — u zilzilalar, sunamilar va raketa zarbalari haqida ogohlantiradi. Bu ham prognoz emas — bunday ilovalardagi xabarnomalar birinchi zarbalardan keyin keladi, lekin ular baribir hayotni saqlab qolishi mumkin bo‘lgan bir necha muhim daqiqalar yoki soniyalarni taqdim etishi mumkin.

Siz hozirda bo‘lib turgan mamlakatning shunga o‘xshash rasmiy (davlat idorasi) ilovasi mavjud yo mavjud emasligiga qiziqib ko‘ring, mabodo bo‘lsa, unda telefoningizga yuklab oling (va bildirishnomalarni yoqishni unutmang). Ba’zi hududlarda (ular orasida Turkiya va Gruziya ham bor) Android va iOS operatsion tizimlarining o‘zi yaqin atrofda zilzila boshlangani haqida xabarnoma yuboradi, ammo buning uchun bunday xabarnomalarni telefon sozlamalarida yoqib qo‘yish kerak. Xususiy ishlab chiquvchilar ilovalari ham mavjud (mana bir misol). Bundan tashqari, ba’zi mamlakatlarda (masalan, Isroilda) ko‘cha sirenalari ham ogohlantirish tizimiga kiritilgan.

Agar zilzila xavfi yuqori bo‘lsa, uyingizni shunga tayyorlang

Zilzila paytida har qanday, hatto eng og‘ir jism ham harakatlanishi va qulashi mumkin. Shuning uchun mebel va maishiy texnika karavotlar, divanlar va kimdir uxlashi mumkin bo‘lgan o‘rinlardan uzoqroqqa ko‘chirilishi kerak. Shuningdek, mebellar, televizorlar, kompyuterlar, suv isitgichlari, shkaflar va javonlar mahkam o‘rnatilishi kerak (Zilzilaga qarshi kurash bo‘yicha millatlar alyansi saytida har bir buyum uchun batafsil ko‘rsatmalar berilgan).

Bu juda muhim, chunki, masalan, 1994 yilda Nordrijdagi zilzila jabrlanuvchilarining 55 foizi yaxshi qotirilmagan buyumlarning ag‘darilishi oqibatida, hatto, o‘ldiradigan jarohatlar olgan (jarohatlarning faqat 1 foizi binolarning buzilishi va qulashi bilan bog‘liq edi). Bu chora, shuningdek, kuchsiz silkinishlar vaqti mol-mulkingizga yetishi mumkin bo‘lgan zararning ham oldini olish mumkin.

Oilangizning har bir a’zosi uchun falokat paytida omon qolish rejasini tuzing va kerakli narsalarni to‘plab qo‘ying

Oilangizning har bir a’zosi bilan aniq harakatlar ketma-ketligini kelishib oling va ularni muntazam ravishda mashq qilib turing. Agar uy hayvoningiz bo‘lsa, ularni tashish uchun moslama va ozgina ovqat tayyorlang. Karavot yoniga ichida fonari bor xaltacha osib qo‘yish mumkin — bu binoda chiroqlar o‘chgan taqdirda harakatlanishingizga yordam beradi. Pasportlar va boshqa muhim hujjatlarni dori-darmonlar uchun retseptlar, oz miqdorda naqd pul, shaxsiy gigiyena vositalari va zarur dori-darmonlar bilan birga xavfsiz suv o‘tkazmaydigan idishda saqlash mumkin.

Shuningdek, ushbu «xavf jamadoni»ga hushtakni qo‘shishingiz mumkin — mabodo vayronalar ostida qolsangiz, hushtak yordamida qutqaruvchilarga signal berish mumkin. Agar bunday joyga hushtaksiz tushib qolsangiz, ketma-ket uchta qisqa taqillatish bilan signal berish tavsiya etiladi.

Uyni zilziladan sug‘urtalash mumkinligini unutmang. Agar uy undagi buyumlar bilan birga sug‘urtalangan bo‘lsa, tovon puli olishni osonlashtirish uchun ularni oldindan suratga tushirib qo‘yish tavsiya etiladi.

Agar silkinish boshlansa, o‘zingiz turgan joyda qoling. Nima qilib bo‘lsa-da binodan chiqib ketishga harakat qilishning keragi yo‘q

Vayron bo‘lgan uylarning qo‘rqinchli tasvirlariga qaramay, zilzila payti asosiy xavf qulayotgan va uchayotgan buyumlardan bo‘ladi, sizning asosiy vazifangiz ulardan himoyalangan joyga o‘tishdir. Binoni tark etishga faqat bunga bir necha soniya ketishiga amin bo‘lsangiz va kuchli zilzilalar hali boshlanmagan bo‘lsagina urinib ko‘rish mumkin.

Agar siz o‘tmishda shunga o‘xshash falokatlarni boshdan kechirgan bo‘lsangiz va jabrlanmagan bo‘lsangiz ham, zilzilaning xavfliligini past baho berish yaramaydi. Quyida keltirilayotgan tavsiyalarga, hatto kuchsiz silkinish vaqtida ham qat’iy rioya qilishdan tortinmang — bu o‘zingizni himoya qilishga yordam beradi.

Qayerda bo‘lsangiz ham — «Egil. Yopiq joyga o‘t. Joyingda qol» taktikasini qo‘llang.

Mutaxassislarning fikricha, bu — jarohatlar yoki o‘lim xavfini kamaytirish uchun eng samarali chora. Mana nima qilish kerak:

  1. Qo‘llaringiz va tizzangiz bilan turgan joyingizga egiling. Bu holat hayotiy muhim organlarni uchuvchi jismlardan himoya qiladi va silkinish paytida muvozanatni saqlashga yordam beradi.
  2. Agar yaqin atrofda mustahkam stol bo‘lsa, uning ostiga kiring va xuddi videoda ko‘rsatilganidek holatda qoling. Agar yashirinish joyi bo‘lmasa, ichki devorlardan biriga yaqinlashishga harakat qiling (ular bino ichidagi xonalar orasidagi chegara bo‘lib xizmat qiladi).
  3. Bir qo‘lingiz bilan boshingizni va bo‘yningizni yoping — kaftingizni bo‘yningizga, tirsagingizni esa boshingiz orqasiga qo‘yishingiz kerak. Boshqa qo‘l bilan sizni yashirib turgan joyni (masalan, stolni) ushlab turish kerak. Yashirinish joyi bo‘lmasa, boshingizni va bo‘yningizni ikkala qo‘lingiz bilan yoping. Ushbu holatni silkinish oxirigacha saqlang.

Janubiy Kaliforniya zilzila markazidan videoqo‘llanma. Video: Great ShakeOut Earthquake Drills

Agar biron sababga ko‘ra siz polga egilolmasangiz, stul yo karavotga o‘tiring va xuddi shunday tarzda boshingizni qo‘llaringiz bilan yoping. Agar siz nogironlar aravachasidan foydalansangiz, uning g‘ildiraklarini tormoz holatiga o‘tkazib qo‘yganingizga ishonch hosil qiling.

Bino ichida eshiklardan uzoqroq turing (va, albatta, liftdan foydalanmang)

Iloji boricha, qulab, sizni shikastlashi mumkin bo‘lgan shisha va beqaror predmetlardan uzoqroq turing. Boshingizni va yuzingizni parchalanishdan himoya qiladigan biron bir narsani olishga harakat qiling — masalan, kitob. Tiz cho‘kish holatida uni bo‘yin ustida yoki boshdan yuqorida ushlab turish mumkin. Agar siz yotoqda bo‘lsangiz, mutaxassislar u yerda boshingizni yostiq bilan o‘ragan holda qolishingiz tavsiya qiladi.

Odamlar orasida tarqalgan afsonadan farqli o‘laroq, zamonaviy uylardagi eshiklar binoning boshqa qismlaridan kuchliroq emas. Bundan tashqari, ular shikastlanish mumkin bo‘lgan manbalardan — qulayotgan yoki uchar jismlardan himoya qilmaydi. Bunday joyda tayanch nuqtani topish ham qiyin.

Agar siz qulagan jismlar ostida qolgan bo‘lsangiz, xotirjamlikni saqlang va uni o‘zingiz olib tashlashga urinmang — bu vayronalarning boshqa qismi qulashiga olib kelishi mumkin. Burun, og‘iz va ko‘zlaringizni changdan himoya qilishga harakat qiling. Agar bo‘lsa, qutqaruvchilarga fonar yoqib yoki hushtak chalib signal berib ko‘ring, bo‘lmasa uchta qisqa taqillatish bilan ishora bering.

Agar tashqarida bo‘lsangiz, binolar, elektr uzatish liniyalari, yo‘l belgilari va avtomobillardan saqlaning

Eshiklar o‘rnilari va devorlar oldi eng xavfli joylardir — bu yerda sizning ustingizga bino qismlari qulashi ehtimoli katta. Bundan tashqari, derazalar va kichik me’moriy detallar ko‘pincha birinchi bo‘lib buziladi va shikast yetkazishi mumkin.

Xavfsiz joyda ekanligingizga ishonchingiz komil bo‘lganda — yuqorida tavsiflangan «Egil. Yopiq joyga o‘t. Joyingda qol» taktikasini qo‘llang.

Mashinani, albatta, to‘xtatish kerak — faqat xavfsizroq joyda

Ko‘priklar, yo‘l belgilari, yer osti o‘tish joylari va daraxtlardan saqlaning. Mashinani qo‘l tormoziga o‘tkazib, uning ichida qoling — zilzila paytida biroz chayqalishi mumkin bo‘lsa-da, mashina anchagina xavfsiz joy hisoblanadi.

Silkinish tugagandan so‘ng, mashinada harakatlanish xavfsiz ekanligiga ishonch hosil qiling — zilzila yo‘l qoplamalari va ko‘priklarga zarar yetkazishi, ustunlar va yo‘l belgilarini qulatishi va suv sathining vaqtincha ko‘tarilishiga olib kelishi mumkin. Agar elektr uzatish liniyasi transport vositasi ustiga qulagan bo‘lsa, maxsus tayyorgarlikka ega shaxs simni olib tashlamaguncha ichkarida qoling.

Zilziladan keyin sunami xavfi paydo bo‘lishi tufayli dengiz qirg‘og‘ini imkon qadar tezroq tark etish kerak

Silkinish kuchi oyoqda turishga imkon beradigan darajada susayishi bilan tezda balandroq joyga yoki quruqlik ichkarisi tomon o‘ting. Bundan tashqari, agar jiddiy zarar yetmagan bo‘lsa, ko‘p qavatli binoga kirish (lekin bunda ko‘pi bilan uchinchi qavatga chiqish mumkin) yoki, juda bo‘lmaganda, baland daraxtga chiqib olish mumkin. Maxsus xizmatlar u yerga qaytish xavfsiz ekanligini tasdiqlamaguncha qirg‘oqdan uzoqroq turing.

Zilziladan keyingi aftershoklar haqida unutmang va telefondan imkon qadar kamroq foydalanishga harakat qiling

Aftershoklar zilziladan bir necha daqiqa, kunlar va hatto haftalar o‘tib sodir bo‘lishi mumkin — bu xavfni hisobdan chiqarmaslik kerak. Hech qachon shikastlangan binolarga kirmang va ularni tark etishga harakat qiling, ayniqsa g‘ayrioddiy tovushlarni eshitayotgan bo‘lsangiz (bu ovozlar bino konstruksiyalarining shikastlanishlari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin). Gaz, elektr va suv liniyalarining shikastlanish holatini hech bo‘lmasa ko‘z bilan ko‘rib tekshiring. Agar nosozliklar ko‘zga tashlansa, gaz, suv yoki elektr ta’minotini o‘chiring. Gaz sizib chiqmayotganiga ishonchingiz komil bo‘lmay turib, gugurt, zajigalka yoki elektr jihozlaridan foydalanmang (gaz sizib chiqayotganini gaz hidi yoki gaz uskunasining buzilganiga qarab bilish mumkin).

Telefondan tarmoqni ortiqcha band qilmaslik hamda zarar ko‘rgan boshqa odamlarni aloqa imkoniyatidan mahrum qilmaslik uchun faqat shoshilinch xizmatlarni chaqirish uchungina foydalaning. Imkoniyatingiz bo‘lsa, muhtojlarga yordam bering.