«O‘zkimyosanoat» AJ va tarmoqdagi korxonalarning komplayens xizmati 2022 yil davomida tizimga jami 28,3 mlrd so‘mlik zarar yetkazilganini aniqladi. Tashkilot axborot xizmati rahbari Rustambek Eshbekov AOKAda o‘tkazilgan brifingda bunga korrupsion harakatlar, korxona mablag‘larining talon-toroj qilinishi va ishlab chiqarish ko‘rsatkichlariga qo‘shib yozishlar sabab bo‘lganini ma’lum qildi.

Yil davomida xizmat vazifasiga ko‘ra korrupsiyaviy xavf-xatarlar ehtimoli yuqori bo‘lgan 6250 nafar xodim manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiya to‘ldirgan. Tahlillar natijasida 57 nafar mas’ul xodimda manfaatlar to‘qnashuvi holati aniqlandi, 37 ta holatda esa ehtimoliy (potensial) manfaatlar to‘qnashuvi holati mavjudligi qayd etildi.

Bundan tashqari, hisobot davrida o‘tkazilgan 65 ta xizmat tekshiruvida 28 nafar xodim jinoiy javobgarlikka tortildi, 25 nafar xodim ishdan olindi, 100 nafar mas’ulga turli intizomiy jazolar qo‘llandi.

Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yil davomida tizimdagi ijara omborlarida jami 85,5 mlrd so‘mlik turli tovar-moddiy boyliklar va mineral o‘g‘itlar kamomadi aniqlangan bo‘lsa, 2022 yil mobaynida vakolatli ijara omborlarida kamomadlar aniqlanmagan.

Hozirda tizimdagi korxonalarda o‘ndan ortiq ichki idoraviy hujjatlar qabul qilinib, xodimlarga tanishtirib chiqilmoqda. Qolaversa, yetkazilgan zararni qoplash yuzasidan tegishli choralar ko‘rilmoqda, deyiladi xabarda.