Shavkat Mirziyoyev 8 fevral kuni Toshkent metropolitenidagi qurilish ishlari bilan tanishdi, deb xabar bermoqda uning matbuot xizmati.

2020 yil avgustda Toshkent yerusti metrosining birinchi bosqichi ishga tushirilgandi. O‘sha yil dekabrda Sergeli yo‘nalishi ochilgan. Hozirda ham bu ikki yo‘nalishni bog‘lovchi Qo‘yliqdan Sergeligacha bo‘lgan metropoliten barpo etilmoqda.

Qariyb 12 kilometrlik bu qismda 7 ta bekat bo‘ladi. Ayni kunlarda uning Quruvchilar dahasigacha borgan 5 ta bekati qurib bitkazildi.

Qo‘yliq-Sergeli yo‘nalishi, metro, yangi bekatlar

Qo‘yliq yo‘nalishida 7 ta, Sergelida 5 bekatli yerusti metrolari qurildi. Oldin Toshkent metropolitenidan 240 ming yo‘lovchi foydalangan bo‘lsa, bugungi kunda 600 mingdan oshdi. Rejamiz — 1 million yo‘lovchi. Agar o‘z vaqtida buni boshlamaganimizda, shahar transportida kollaps bo‘lishi mumkin edi. Endi muqobil energetikani ham o‘rganmasak bo‘lmaydi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident jamoatchilik vakillari bilan birga metroda yurdi.

Qo‘yliq-Sergeli yo‘nalishi, metro, yangi bekatlar

Quruvchilar dahasidan Qipchoq bekatigacha bo‘lgan qariyb 4 kilometrlik metro yo‘li ham yaqin oylarda ishga tushiriladi. Shu tariqa Qo‘yliq va Sergeli orasidagi qatnov vaqti 15 daqiqani tashkil etadi. Mazkur yo‘nalish bir kunda 40 mingga yaqin yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘ladi.

Buning evaziga shaxsiy transportlarga ehtiyoj kamayib, tirbandlik bartaraf etilishi, Qo‘yliq-Sergeli yo‘nalishida harakatlanadigan kunlik avtomobillar soni 40 mingtagacha qisqarib, transport oqimi 12 foiz kamayishi kutilmoqda.

Bu bosqich qurib bitkazilishi bilan Toshkent metropolitenining jami uzunligi 70 kilometrdan ziyod, bekatlar soni 50 ta bo‘ladi. Metroda yuruvchi kunlik yo‘lovchilar soni 650 minggacha yetadi. 245 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.