O‘zbekistonning Anqaradagi elchixonasi xabariga ko‘ra, Turkiyada sodir bo‘lgan dahshatli zilziladan so‘ng qidiruv-qutqaruv ishlari davomida yana ikki nafar o‘zbekistonlik topildi.

Ular Xatay viloyatidan topilgan chirchiqlik Asal Shotirbekova (1982 yilda tug‘ilgan), Malatya shahrida qutqaruvchilar tomonidan topilgan Akramjon Hoshimov (1996 yil). Ularga tibbiy yordam ko‘rsatiladi.

Avvalroq Qahramonmarashdagi vayronalar ostidan Rashid Boybekov topilgani, u kasalxonaga yotqizilgani haqida xabar berilgandi.

Bir kun avval esa Turkiyadagi vayronkor zilzilalar zonasida bedarak yo‘qolgan13 nafar O‘zbekiston fuqarosi qidirilayotgani ma’lum qilingan edi. Malatya viloyatida esa 1 nafar O‘zbekiston fuqarosi vafot etgani ma’lum bo‘ldi.

O‘zbekiston Turkiyaga o‘z qutqaruv guruhini yuborgan. Ular Hatay viloyatida mahalliy o‘zbeklar yashaydigan aholi punktida ish olib bormoqda. Chorshanba kuni ertalab O‘zbekiston qutqaruvchilari vayronalar ostidan to‘qqiz kishini — besh erkak va to‘rt ayolni qutqargani haqida xabar berildi. Bundan tashqari, 12 kishining jasadi topilgan.

Ayni damda Turkiya janubi-sharqidagi zilzilalar oqibatida 8574 kishi halok bo‘lgani, 49133 kishi jarohat olgani ma’lum.