Qidiruv-qutqaruv operatsiyasi boshlanganidan buyon O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari Turkiyaning zilziladan jabr ko‘rgan hududlarida vayronalar ostidan 11 nafar jarohatlangan va 33 nafar halok bo‘lganlarni olib chiqdi. Bu haqda 8 fevral kuni kechqurun Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

7 fevral kuni O‘zbekistondan ikkita samolyot tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishda yordam berish uchun insonparvarlik yordami va 100 nafar qutqaruvchi guruhini eng og‘ir jabr ko‘rgan Adana va Gaziantep shaharlariga yetkazdi.

O‘zbekiston qutqaruvchilari Xatay viloyatining etnik o‘zbeklar istiqomat qilayotgan Ovakent qishlog‘ida qidiruv-qutqaruv ishlarini boshladi.

6 fevral kuni Turkiya janubi-sharqida 7 magnitudali ikkita zilzila sodir bo‘ldi. Ayni damda 8500 dan ortiq qurbonlar ma’lum.

Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an chorshanba kuni tabiiy ofat hududiga tashrif buyurdi.