Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda poytaxtdagi «Toshkent otchopari» aksiyadorlik jamiyatiga tegishli otxonada bir qancha otlar nobud bo‘layotgani haqida tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi.

O‘rganishlar davomida mazkur otxona veterinariya sanitariya ko‘rigidan o‘tkazilgan. «Toshkent otchopari» otxonasining voqea sodir bo‘lgan uchta bo‘lmasi fuqaro Q.S.ga ijaraga berilgan va u bu yerda 14 bosh ot saqlagan. Biroq otlarga yollanma veterinariya xizmati ko‘rsatilmagan.

«Yetarli va zaruriy ozuqa jamg‘arilmagan. Noto‘g‘ri oziqlantirish natijasida 2 bosh oti nobud bo‘lgan, qolganlari o‘ta ozg‘in holatga kelib qolgan», — deyiladi xabarda.

Milliy gvardiya matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, ko‘ngillilar tomonidan otxona tozalanib, jonivorlar oyoqqa turg‘izilgan va shifokorlar otlarni davolashni boshlagan. Fuqarolar tomonidan ham oziq-ovqat va dori-darmonlar uchun mablag‘ yig‘ilgan.

Shu bilan birga, Milliy gvardiya vakillari dori-darmon va oziq-ovqatlar keltirib, Toshkent sirki va hayvonot bog‘i klinikalaridagi veterinarlar otlarni davolash hamda zaif tulporlar uchun parhez rejasini tuzib bergan.

Ayni vaqtda Milliy gvardiya va Toshkent shahar IIB tomonidan mazkur vaziyat o‘rganilmoqda. Materiallar to‘planib, tergov oldidan tekshiruv tayinlangan. Tergov natijalariga ko‘ra, hayvonlarga nisbatan shafqatsizlikda aybdor deb topilgan shaxslarga qonuniy choralar ko‘riladi.

Qo‘mitaning qayd etishicha, «Toshkent otchopari» aksiyadorlik jamiyatida Ichki ishlar vazirligining 60 bosh, Milliy gvardiyaning 18 bosh, fuqarolarga tegishli 72 bosh, jami 150 bosh ot saqlanadi. Mazkur otlar veterinariya xizmati tomonidan kuydirgi kasalligiga qarshi emlangan.

Shuningdek, brutsellyoz kasalligiga qon namunalari, gelmintlarga qarshi axlat namunasi olinib, diagnostik tekshirish uchun Respublika hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markaziga topshirilgan va diagnostik tekshiruvdan o‘tkazilgan. Tekshiruvlar natijasida otlarda yuqumli va xavfli kasalliklar aniqlanmagan.