O‘zbekistonda 2023 yilgi davlat dasturi loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Unda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasini «shahar avtomobillar emas, balki piyodalar uchun» g‘oyasi asosida isloh qilish ham maqsad qilindi.

Loyihaga ko‘ra, 1 iyundan boshlab respublikaning barcha aholi punktlarida transport vositalari harakatlanishining eng yuqori tezligi soatiga 70 kilometrdan 60 kilometrgacha tushirilishi mumkin. Oldinroq bu cheklov Qoraqalpog‘iston, Toshkent shahar va viloyatlarning ayrim hududlari uchun belgilangan edi.

Yo‘l-transport hodisalari yiliga 4 mingga yaqin o‘lim holatlari bilan yakunlanadi. Tahlillarga ko‘ra, tezlikni 10 kilometr soatga tushirish o‘lim holatlarini kamida 15 foizga kamaytirishga olib keladi.

Masalan, Toshkent shahrida 2022 yilda 1200 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan, bu 2021 yildagi holatlardan (1073) qariyb 130 taga ko‘p. Ushbu davrda yo‘l-transport hodisalari oqibatida halok bo‘lganlar soni 136 nafarini tashkil etadi.

Shuningdek, 1 sentabrdan boshlab transport vositasining mulkdoriga transport vositasini boshqarish huquqi o‘tkazilgan shaxs bilan birgalikda tegishli huquqni belgilovchi hujjatni taqdim etgan holda davlat YHXX organlarini transport vositasini boshqarish huquqini o‘tkazgani haqida xabardor qilish huquqi berilishi mumkin.

Bunda, xabarnoma olingan kundan boshlab vakolatli organ tomonidan huquqbuzarliklarni qayd etish tizimiga tegishli o‘zgartirishlar kiritish hamda ushbu transport vositasida sodir etilgan yo‘l harakati qoidalari buzilgani uchun boshqarish huquqi o‘tkazilgan shaxsga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomani rasmiylashtirish tartibi joriy etilishi belgilanishi kutilmoqda.

«Mazkur mexanizmlar jazo muqarrarligi tamoyilini ro‘yobga chiqarish hamda transport vositasi boshqaruvi bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklarni maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etishda ball tizimi joriy etilishi munosabati bilan kiritilmoqda», — deyiladi loyihada.

Jamoatchilik muhokamasi 17 fevralgacha davom etadi.