Qoraqalpog‘istonning Nukus shahri va tumanlardagi og‘ir turmush sharoitidagi oilalarga tegishli uylarning tom qismini ta’mirlash (yopish), yashash uchun yaroqsiz va avariya holatidagi uylarni yangidan qurish ishlarining yig‘ma parametrlari tasdiqlandi. Bu Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 2 fevraldagi «Qoraqalpog‘iston Respublikasida aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish va mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 52-son qarorida belgilangan.

Qarorga ko‘ra, qurilish ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari bo‘yicha buyurtmachi Nukus shahri va shimoliy tumanlarda Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi «Yagona buyurtmachi xizmati» DUK bo‘ldi.

Janubiy tumanlardagi uy-joylarning tom qismini ta’mirlash (yopish) va avariya holatidagi uy-joylarni yangidan qurish ishlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi huzuridagi «Yagona buyurtmachi xizmati» DUK buyurtmachi etib belgilandi.

Janubiy tumanlardagi 2 000 km tuproq yo‘llarga qum-shag‘al yotqizish ishlari bo‘yicha Amudaryo, Beruniy, To‘rtko‘l va Ellikqal’a tumanlari hokimliklarining Obodonlashtirish boshqarmalari buyurtmachi etib belgilandi

Qarorda belgilangan chora-tadbirlarni qisqa muddatlarda yakunlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzuridagi «Yagona buyurtmachi xizmati» DUKga pudratchi va loyiha tashkilotlarini, shuningdek, tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib beruvchilarni maxsus axborot portalida tanlov o‘tkazish to‘g‘risida e’lon joylashtirmasdan, xarid qilish tartib-taomillarini elektron shaklda o‘tkazmasdan eng yaxshi takliflarni tanlash orqali aniqlash vakolati beriladi.

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 2023 yil 3 fevral kuni kuchga kirgan.