Umumxalq muhokamasi uchun e’lon qilingan 2023 yilgi davlat dasturida 1 martdan boshlab O‘zbekistonda ishlashni istagan chet el fuqarolarini bo‘sh ish o‘rinlariga ishga olishni soddalashtirish taklifi berildi.

Bunda tasdiqnoma olish uchun mahalliy ishchi kuchi ham talab etilishini hisobga olib, chet el fuqarolarini bo‘sh ish o‘rinlariga jalb qilish maqsadga muvofiqligini o‘rganish tartibi bekor qilinishi mumkin.

Qolaversa, chet el fuqarosi xorijdan olib kelingan shaxsiy mashinasini olib chiqib ketish muddatini uzrli sabablarga ko‘ra o‘tkazib yuborgan bo‘lsa, qonunchilik hujjatlarida belgilangan yig‘imni to‘lashdan ozod etilishi mumkin. Bu tasdiqnoma muddati tugagungacha amal qilishi rejalashtirilyapti.

Shuningdek, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi respublikada ishlayotgan chet el fuqarolari haqida ma’lumotlarni muntazam Iqtisodiyot va moliya vazirligiga elektron shaklda yuborib turadi. Natijada mehnat bozoriga malakali mutaxassislar talab yuqori bo‘lgan sohalarga kirib kelishi uchun zarur sharoitlarni yaratadi, deyiladi loyiha dasturida.

Davlat dasturi 17 fevralga qadar jamoatchilik muhokamasida bo‘ladi.