2022 yilda AQShning Toshkentdagi elchixonasi murojaat qilgan O‘zbekiston fuqarolarining 47,04 foiziga «B» toifali vizalar (sayyohlik va biznes vizalari) berishni rad etgan. Bu haqda AQSh Davlat departamenti hisobotida aytildi.

Bu o‘zbekistonliklarning 45,98 foiziga viza berilmagan 2021 yildagi raqamlarga qaraganda yomonroq ko‘rsatkich, ammo pandemiya boshlangan 2020 yil (74,14 foiz), 2019 yil (68,06 foiz), 2018 yil (61,76 foiz) va 2017 yildagidan (50,29 foiz) yaxshiroq hisoblanadi.

2022 yil yakuniga ko‘ra, Markaziy Osiyo mamlakatlarida O‘zbekiston vizani rad etish bo‘yicha Tojikistondan keyin ikkinchi o‘rinda qayd etildi, bunda 57,03 foiz hollarda ruxsatnoma berilmaganini ko‘rish mumkin. Qirg‘izistonda rad etishlar ulushi 37,85 foizni, Qozog‘istonda 44,02 foizni, Turkmanistonda 35,69 foizni tashkil etdi.

MDHning boshqa davlatlarida vizalar ko‘proq beriladi: Ozarbayjon — 23,54%, Belarus — 26,05%, Rossiya — 26,18%, Armaniston — 37,87%, Ukraina — 41,27% (o‘tgan yili 15,15% edi).

AQShning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Deniyel Rozenblyum 2019 yilda o‘zbekistonliklar ko‘pincha vizani muddatidan o‘tkazib yuborishini ta’kidlagandi.

«Shuning uchun biz har bir odamni batafsil o‘rganishimiz va uning vizasi muddatidan o‘tib ketmasligiga va mamlakatda noqonuniy muhojir bo‘lib qolmasligiga ishonch hosil qilishimiz kerak», — deya ta’kidlagandi diplomat.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil davomida AQShning Toshkentdagi elchixonasi konsullik bo‘limi butun dunyo bo‘ylab turli millatlarga mansub immigrantlar uchun tasdiqlangan vizalar (5511) soni bo‘yicha beshinchi o‘rinni egalladi. Birinchi o‘rinda Misr (5529) va Jazoir (5526) turibdi.