O‘zbekiston elchixonasida Ispaniyaning «Unincoming Tour SL» sayyohlik kompaniyasi bosh direktori, Valensiyadagi «Silkway SL» Ispaniya-O‘zbekiston savdo va sarmoya uyining rahbari o‘rinbosari Oskar Latso bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb ma’lumot berdi «Dunyo» axborot agentligi.

Uchrashuvda Ispaniyadan O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri va charter havo qatnovlarini yo‘lga qo‘yish hamda O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini Ispaniya va Lotin Amerikasi hududlarida targ‘ib qilish orqali, sayyohlik oqimini oshirish va bunga mutasaddi tashkilotlar, ushbu sohadagi kompaniyalar, ommaviy axborot vositalari vakillari uchun infoturni tashkil etishni muhokama qilindi.

2023 yil 17−24 mart kunlari 26 nafar guruh a’zolari uchun «Madrid-Istanbul-Toshkent-Samarqand- Buxoro-Xiva-Urganch- Istanbul-Madrid» yo‘nilishi bo‘yicha infotur rejalashtirilgani, ushbu guruh tarkibidan Ispaniya va Meksika tur agentlari, blogerlar, yutuberlar, inflyuyenserlar va OAV vakillari joy olgani ma’lum qilindi.

Bundan avval, Uzbekistan Airways 28 martdan boshlab Toshkent-Milan-Toshkent va 31 martdan Toshkent-Parij-Toshkent yo‘nalishida aviaqatnovlarni amalga oshirishni boshlashi haqida xabar berilgandi.