Toshkent shahri hokimining birinchi o‘rinbosari Hotambek Shakirov, hokim o‘rinbosari Sharof Rahmanov EDF departamentining Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Emmanuel Chevennement, EDF`ning biznes bo‘yicha katta menejeri Anna Sharayeva va O‘zbekistondagi bosh direktori Per Pol Antenisens bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda poytaxt hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, uchrashuvda muqobil energiya manbalaridan foydalanish, xususan, poytaxtdagi qator obyektlarga quyosh panellarini o‘rnatishga qaratilgan loyiha doirasidagi ishlar ko‘rib chiqilgan.

Qayd etilishicha, loyiha, nafaqat Toshkent shahri, balki mamlakat uchun istiqbolli hisoblanadi va uning amalga oshirilishi natijasida elektr energiyasi sarfi sezilarli darajada kamayadi. obyektlarga o‘rnatilgan quyosh panellari ularning o‘z iste’molidan tashqari qo‘shimcha binolar va aholiga yo‘naltirilishi mumkin.

Foto: Toshkent shahri hokimligi axborot xizmati

«Fransiya tomonining ma’lum qilishicha, bugungi kunda loyihaning texnik, iqtisodiy va huquqiy hujjatlari takomiliga yetkazilmoqda. Shu bilan birga, ushbu uzoq muddatli, keng ko‘lamli loyihani birgalikda amalga oshirish uchun hamkorlik qilishi mumkin bo‘lgan kompaniyalar ko‘rib chiqilmoqda», — deyiladi hokimlik axborotida.

Uchrashuv yakunida tomonlar amaliy muloqotlar davom etishini bildirgan.