4 fevral kuni Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamentiga qarashli 4-sonli tergov hibsxonasida saqlanayotgan mahkum Polat Shamshetov (Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV sobiq xodimi) vafot etgani haqida xabar berilgandi. Bosh prokuratura ushbu xabarni tasdiqlab, o‘lim sababini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, hodisa joyi Buxoro viloyati prokurori rahbarligidagi tezkor-tergov guruhi, viloyat IIB boshlig‘i, sud-tibbiy ekspertiza mutaxassislari va xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.

Mazkur ko‘zdan kechirish jarayonlarida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha (Ombudsman) Buxoro viloyati mintaqaviy vakili, Polat Shamshetovning advokati va yaqin qarindoshlarining ham ishtiroki ta’minlandi.

O‘lim sabablarini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Sud-tibbiy ekspertizasi ishchi guruhining dastlabki ma’lumotiga ko‘ra, marhum o‘pka arteriyasi tromboemboliyasi, o‘tkir yurak-qon tomiri yetishmovchiligi oqibatida vafot etgan.

Hozirda Buxoro shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Polat Shamshetovga 2 iyul kuni «odamlarni ommaviy tartibsizliklarga jalb qilgani va o‘zi ularning faol ishtirokchisi bo‘lganligi» haqida ayblov qo‘yilgandi.

Sudda u ko‘chaga nima bo‘layotganini ko‘rish uchun chiqqanini ta’kidlagandi. «Maqsad shunchaki o‘z ko‘zim bilan ko‘rish bo‘lgan», — degandi u.

O‘sha kunlarda u mehnat ta’tilida edi, biroq 3 iyul kuni ishga chiqdi, 11 iyul kuni esa hibsga olindi. Polat Shamshetov telefonda sodir bo‘layotgan voqealar haqida ko‘p gaplashganini tan olgandi, buni esa o‘zining vazifasi bilan bog‘liqligini aytgandi.

Suhbatlarning barcha stenogrammasi ish hujjatlarida keltirilgan va ularda hech qanday noqonuniy xatti-harakatlarga chaqiruv yo‘q, degandi u.

31 yanvar kuni Buxoro viloyati sudida o‘qib eshittirilgan hukmga ko‘ra, Polat Shamshetov JKning 244-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga JKning 45 (Muayyan huquqdan mahrum qilish), 57-moddalari qo‘llanib, 3 yil mansabdorlik lavozimlarida va ichki ishlar tizimida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 6 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangandi.

Yanvar oyida suddagi munozara paytida uning advokati Paraxmat Maratov (video) Shamshetovga JKning 244-moddasi bo‘yicha e’lon qilingan ayblovni noto‘g‘ri deb atagandi, chunki uning Dauletmurat Tajimuratov (ishdagi asosiy figurant) bilan aloqasi, qolaversa, hokimiyatga qarshilik ko‘rsatish maqsadida tartibsizliklarni tashkillashtirish yuzasidan hech qanday dalil yo‘q, degandi. Bundan tashqari, himoyachining so‘zlariga ko‘ra, Shamshetovga qarshi hech kim guvohlik bermagan.